Karim Kamolov qabri ziyorat qilindi

Buxoro eli ogʻir judolikka uchradi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, davlat va jamoat arbobi Karim Jamolovich Kamolov 22-avgust kuni 65 yoshida vafot etdi. Marhum Buxoro shahridagi “Hazrati Imom” qabristoniga dafn etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, Karim Kamolov qabrini ziyorat qildi. Marhum haqiga Qurʼon tilovat qilindi.

Oʻzining 47 yillik faoliyati davomida Karim Kamolov chinakam rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan ulkan hurmat qozongani, Buxoroning har tomonlama rivojlanishi va obod boʻlishiga katta hissa qoʻshgani taʼkidlandi.

Karim Kamolov 1955-yil Buxoro shahrida tugʻilgan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini bitirib, mehnat faoliyatini qurilish sohasida boshlagan. 1994-2007-yillarda Buxoro shahri hokimi sifatida samarali mehnat qilgan. Mazkur davrda bu yerda mislsiz bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar izchil rivojlandi. Shaharning 2500-yilligi keng nishonlandi, xalqaro festivallar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Qadimiy obidalar obod qilinib, turizm infratuzilmasi yaxshilandi.

Karim Jamolovichning boy bilim va tajribasi 2007-2017-yillarda “20-trest” masʼuliyati cheklangan jamiyat raisi boʻlib ishlagan paytlarida qoʻl keldi.

Oxirgi yillarda viloyatda yuz berayotgan keng miqyosli oʻzgarishlar ham Karim Kamolov sermahsul faoliyati bilan bogʻliq boʻldi. U 2017-yildan Buxoro shahri hokimi, 2020-yil fevraldan Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakatimizdagi islohotlarni amalga oshirishda fidokorona mehnat qildi. Xalq deputatlari viloyat va shahar kengashlari aʼzolari qatorida hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim qarorlarni ishlab chiqishga ham hissa qoʻshdi.

Karim Kamolovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlari munosib taqdirlanib, u “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

 

O’zA