Davlatimiz rahbari bugun, shuningdek, Bektemir tumanidagi “Cooperation LAB” tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markaziga tashrif buyurdi.
“UzAuto Motors”, “SamAvto”, “JV MAN Auto – Uzbekistan”, “General Motors Powertrain Uzbekistan” singari korxonalarda zamonaviy avtotransport va butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, koʻplab ehtiyot qismlar xorijdan olib kelinmoqda. Bozor konyunkturasi va sanoat korxonalaridagi talabni tahlil qilish asosida yangi ehtiyot qismlarni oʻzlashirish choralari koʻrilmoqda.
“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan Bektemir tumanida “Cooperation LAB” tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazi shu maqsadda tashkil etilgan.
Loyiha qiymati 2 million dollar boʻlgan bu maskanda 50 kishi ish bilan taʼminlangan. Markaz gʻoyadan rastagacha tamoyili asosida avtomobilsozlik sohasida tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, importni kamaytirish va mahalliylashtirish darajasini oʻstirishga moʻljallangan.
Hududdagi doimiy ishlaydigan koʻrgazma pavilyonida “Oʻzavtosanoat” va boshqa kompaniyalar tomonidan mamlakat avtobozoriga import qilinayotgan butlovchi detallar, xomashyo va materiallar namoyish qilinadi. Ular Oʻzbekiston hududida, jumladan, mavjud korxonalarda ishlab chiqarish hajmlarini va ehtimoliy yoʻnalishlarni namoyish etish hamda import mahsulotlarni mahalliylashtirish uchun taqdim etiladi. Yurtimizdagi xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash va butlovchi qismlar importini qisqartirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari markazning kooperatsiya aloqalariga oid taqdimotlar bilan tanishdi. Malakali konstruktor va olimlarni jalb qilib, yangi texnikalarni oʻzlashtirish va buyurtma asosida yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.
Mashinasozlik va elektrotexnika sohasida kooperatsiyani kengaytirishda yangi ochilgan “Cooperation LAB” markazi katta salohiyatga ega. Ushbu markaz tadbirkorlarga “gʻoyadan – tayyor mahsulotgacha” injiniring, texnik yechimlar va bozor topish imkonini beradi.
Shu yerda viloyat hokimlariga tadbirkorlar guruhlarini shakllantirib, markaz bilan birga sanoat kooperatsiyasidagi yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish topshirigʻi berildi.
Markazda ishlab chiqilgan takliflarni “loyihalar fabrikasi” orqali moliyalashtirish uchun tijorat banklari bilan hamkorlik oʻrnatish kerakligi aytildi.