Yashab qolishni istab, jon holatda kurashayotganlar

Tibbiyot sohasini tanlaganimda bu kasbning mashaqqatli ekanini bilganman va oʻzimni shunga tayyorlaganman. Tibbiyot oliygohini tamomlab Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ish boshlaganimga hali koʻp boʻlmadi, atigi 4 yil. Lekin oxirgi oʻtgan bir oy oldida oʻtgan 4 yil bir soatcha ham boʻlolmaydi.
Mana bir oydirki shifoxonaning jonlantirish boʻlimida jon talashib yotgan, koronavirus yuqtirgan bemorlar orasidaman. Bizga oliygohda sovuqqonroq boʻlishni oʻrgatishgan, ammo shifokor boʻlsamda ularning qiynalayotganini koʻrib ich-ichimdan azoblanaman.
Oʻtgan bir oyning har bir daqiqasi yillarga tatiyotgandek. Yosh oilamiz. Ikki nafar farzandim bor. Ularni qishloqqa, ota hovlimizga joʻnatib yuborganimga ham bir oy boʻldi. Oilamni sogʻindim rosti. Men ham otaman axir. Jajji farzandlarimni erkalagim, oʻynatgim keladi. Har kuni telefon orqali bir-birimizdan koʻngil soʻraymiz. Yarim tun meni yutib yuborgudek boʻlib huvillab yotgan kvartiramga qaytaman. Eh, gohida atrofimda boʻlayotgan voqealar bir tush boʻlsayu, uygʻonib ketsam deyman…
Kuniga toʻrt-besh qavat niqoblar taqqan holda bemorlar oldiga 3-4 marotaba xabar olgani kiraman. Muolajalarni davom ettiraman. Erta tongdan to kechgacha shu holatda yurib, haqiqiy qiyofamni ham unutib qoʻyayozdim. Aytsam ishonmaysiz, bir paytlar shifokorlar kiyadigan oq libosni kiyib yurishni orzu qilardim, ish faoliyatimni boshlaganimda esa oʻzgacha faxr bilan kiyib yurardim. Bugun negadir oʻsha oppoq libos koʻnglimga qop-qora boʻlib botadi.
Masalan, hozir 10 ta virus yuqtirgan bemorga qarayapman. Bilasizmi ularni kasallikdan koʻra ruhiy tushkunlik juda azoblamoqda, balki tobora yemirmoqda. Bu esa bemordagi immun tizimining tushib ketishiga, oqibatda virusga yengilishiga olib kelmoqda. Bemorlarimning orasida endigina 30 yoshdan oshganlari ham bor. Guldek jon, olam-olam orzular, bir dunyo maqsadlar, hayotga toʻymagan tashna yurak. Jonlantirish boʻlimida ahvoli ogʻir bemorlar bilan ishlash jarayonida shunga amin boʻldimki, Covid –19 ning oʻta ogʻir asoratlari oldida tibbiyot ojiz. Bugunga qadar 8 ta bemorni davolashga erishdik. Saqlab qololmaganlarimiz ham boʻlyapti afsuski…
Baʼzan televizor yoki ijtimoiy tarmoqlarda oddiygina karantin qoidalariga amal qilmay, oʻzboshimchalik bilan iddao qilayotgan vatandoshlarimni koʻrganimda asabiylashib ketaman. Agar ular mana bu yerdagi virus yuqtirgan bemorlarning ahvolini, ularning yashab qolishni istab, jon holatda kurashayotganlarini bir koʻrganida edi, aslo bunday xatoga yoʻl qoʻymagan boʻlar edi.
Albatta, bu ofatdan nafaqat biz, balki butun dunyo jabr koʻrmoqda. Necha-necha oilalarning yostigʻini quritayotgan virusni insoniyat boshiga kelgan bir ofat deb atayapmiz, lekin hammasiga oʻzimiz aybdor emasmi? Virus tarqalgandan buyon karantin qoidalariga amal qiling, oʻzingizni asrang deya bong uramiz. Biroq qoidalarga toʻliq amal qilyapmizmi? Yoʻq. Keskin vaziyatga yetarlicha baho bermayapmiz, balki buni istamayapmiz. Sizning oilangiz yoʻqmi? Farzandlaringiz yoʻqmi? Nahot ularning kelajagi sizni qiziqtirmaydi? Hech boʻlmasa yaqinlaringizning sogʻligi uchun oʻzingizni ehtiyot qiling. Uyda qoling vatandoshim, uyda qoling!
Odil BERDIYEV,
Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya boʻlimi shifokori

 

OʻzA