Turkmanistonda yangi cheklovlar joriy qilinmoqda

Turkmanistonda seshanbadan boshlab yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida qator yangi cheklovlar joriy qilinmoqda, deb xabar tarqatdi Turkmanistonning Oriyent yangiliklar sayti.
21-iyuldan 1-avgustgacha tozalik tadbirlarini oʻtkazish uchun yirik bozor va savdo markazlari faoliyatini toʻxtatadi. Shu bilan birga, ushbu savdo markazlaridagi oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mahsulotlari boʻlimlari ishlayveradi.
Oʻn kun davomida xizmat koʻrsatish muassasalari, jumladan kinoteatrlar, teatrlar, parklar, attraksionlar, muzeylar, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, hammomlar, kimyoviy va tikuv atelyelari ishlamaydi. Sport obyektlari hamda qisqa muddatli pullik kurslar ham vaqtincha faoliyatini toʻxtatib turadi.
Seshanbadan to oyning oxirigacha oshxonalar, restoranlar, kafe-barlar va choyxonalar ham eshiklarini yopadi. Umumiy ovqatlanish korxonalari aholiga yetkazib berish xizmatini yoʻlga qoʻyadi.
Vazirliklar, idoralar, shuningdek, muassasalar va korxonalarga mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar ishchilarini bosqichma-bosqich mehnat taʼtiliga chiqarish tavsiya qilindi.

 

OʻzA