Gretsiya poytaxti Afina shahrida Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan mamlakatimizning Bosh konsulligi koʻmagida Oʻzbekiston hunarmandlari savdo uyi ochildi.
Marosimda Gretsiya parlamenti va hukumati aʼzolari, taniqli davlat va jamoat arboblari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashab ushbu mamlakatga koʻchib ketgan vatandoshlarimiz, jami 500 kishi qatnashdi.
Savdo uyi Gretsiyaning “Craftence” kompaniyasi bilan hamkorlikda Afinaning eng zich Kallifeya tumanida tashkil etildi. Rishton shahridagi “Mohi Diyor Roshidon” oilaviy korxonasi savdo uyi hamkori hisoblanadi. Shartnomaga muvofiq, ushbu oilaviy korxona Gretsiyaga qariyb 7 ming dona sopol lagan, koʻza, vaza, suvinerlar yetkazib berdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning Afinadagi diplomatik vakolatxonasi koʻmagi bilan www.craftence.com onlayn savdo doʻkoni tashkil etildi. Ushbu doʻkon orqali oʻzbek hunarmandchilik mahsulotlarini buyurtma qilish mumkin.
Oʻzbekistonning Gretsiyadagi bosh konsuli Olimjon Qosimov mamlakatimiz hunarmandchilik sanʼati haqida tadbir ishtirokchilariga maʼlumot berdi. Fargʻona viloyatining Rishton shahri noyob sirlangan keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi eng qadimiy hunarmandchilik markazlaridan biri sifatida dunyoga mashhur ekani taʼkidlandi.
Tadbirda Oʻzbekistonda xalq amaliy sanʼati turlari davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani alohida taʼkidlandi. Chunki hunarmandchilik talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish, odamlar turmush farovonligini oshirish va ish bilan taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.
Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev hunarmandchilikni asrab-avaylash, tiklash va rivojlantirish, hunarmandlar anʼanalarini kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Gretsiya – Yevroosiyo alyansi prezidenti Ksenofon Lambrakis oʻz soʻzida Rishtonda qadim zamonlardayoq sopol buyumlar ishlab chiqarishning noyob texnologiyasi yaratilgani, bugungi kunda ham Rishton kulolchiligi yuqori texnologik va badiiy fazilatlari bilan ajralib turishini qayd etdi.
– Avvalo, keyingi paytlarda Gretsiya – Oʻzbekiston munosabatlarida ijobiy dinamika kuzatilayotganini qayd etmoqchiman. Iqtisodiyot va madaniyat sohasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.
Buning uchun Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasiga alohida minnatdorlik bildiraman. Bugungi tadbir buning yaqqol tasdigʻidir.
Oʻzbekiston hunarmandlari savdo uyidagi kulolchilik va toʻqimachilik buyumlari oʻz goʻzalligi bilan yurtingizning qadimiy va boy tarixini, betakror jozibasini namoyon etgan. Yunoniston bozoriga bunday mahsulotlar eksporti qoʻshilayotganidan mamnunmiz. Biz Oʻzbekistonning bunday tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaymiz, – deydi Gretsiya Madaniyat vazirligi vakili Pavlos Xristu.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchun Rishton kulolchilik mahsulotlari savdosi tashkil etildi. Ushbu mahsulotlar gretsiyalik xaridorlarda katta qiziqish uygʻotdi.
OʻzA