Koronavirus: dunyoning ertasi qanday boʻladi?

Koronavirus pandemiyasining nechanchi toʻlqin boʻlishidan qatʼi nazar, qayta bosh koʻtarayotgani barchani tashvishga soldi. Odamlarda xotirjamlik yoʻqoldi. Ayrim joylarda befoyda, mamlakatga salbiy taʼsir koʻrsatadigan gʻalayonlarni keltirib chiqardi. Xoʻsh, endi dunyo qay yoʻsinda rivojlanadi? Yer yuzida hayot qanday boʻladi? Insoniyatni nima kutmoqda?

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirus pandemiyasidan soʻng dunyoni kutayotgan ikki ehtimol haqida fikrlarini bildirdi. U Shvetsiyaning Aftonbladet nashriga bergan intervyusida shu haqda gapirdi. “Birinchi, yaʼni yaxshi holatda, – deydi Bosh kotib, – mamlakatlar hozirgi vaziyatdan chiqib ketadi. Rivojlangan davlatlar muvaffaqiyatli tiklanish rejasini tuzadi, rivojlanayotgan davlatlar yordam oladi”.

Guterrish bunda koronavirusga qarshi vaksina 9 oyda topilishi va barchaga barobar boʻlinishiga umid bildirdi. Agar voqealar rivoji shu tarzda boʻlsa, iqtisodiyot tiklanishni boshlaydi, shunda dunyo 2-3 yildan soʻng normal holatga keladi.

Mabodo davlatlar saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirmasa, bunday holatda bizni salbiy oʻzgarishlar kutadi. Virusning yangi tarqalish oʻchoqlari paydo boʻladi, rivojlanayotgan mamlakatlarda vaziyat yomonlashadi. Shu bilan birga, vaksina ustidagi tadqiqotlar choʻzilishi yoxud uni yaratish uchun raqobat keskin kuchayishi va koʻproq boy mamlakatlargina xarid qila olishi mumkin. “Agar shunday boʻlsa, biz segregatsiya (irqiy kamsitish namunasi), populizm (safsatabozlik) va ksenofobiyaga guvoh boʻlamiz”, – dedi Antoniu Guterrish.

Bundan tashqari, ikkinchi holat roʻy bergudek boʻlsa, har bir davlat oʻz holicha yashab, jahon hamjamiyati umumiy muammolarni hal qilish uchun yagona boshqaruvga birlasha olmaydi. Oqibatda, global turgʻunlik sodir boʻladi va kamida 5-7 yil davom etadi.

Siyosatchi hozir dunyo qaysi yoʻlda harakatlanayotganini aytish qiyin degan fikrni bildirib, imkon boricha barchasini bajarishga hamda yomon vaziyatga tayyorgarlik koʻrishga chaqirdi. Pandemiya xulq-atvorni oʻzgartirishi kerak, ammo tarqoqlik barcha uchun xavfli.

Shu bois BMT Bosh kotibi dunyo yetakchilarini umumiy muammolarni hal etish va xalqaro tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Bu bejiz emas.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus taʼkidlaganidek, dunyoda koronavirus tarqalish surʼati tezlashdi. Buni har birimiz kunlik maʼlumotlar orqali bilib turibmiz. Pandemiya hali choʻqqisiga yetib kelmagani aniq. Buning isboti sifatida, oʻtgan dam olish kunlari dunyoda “COVID-19”ni yuqtirish boʻyicha 400 mingdan ortiq holat qayd etilganini keltirish mumkin.

Virusning kelib chiqishini oʻrganish uchun JSST Xitoyga oʻz missiyasini joʻnatayotgani olimlar pandenmiyani tezroq bartaraf etishga urinayotganidan dalolat beradi. Missiyaning vazifasi koronavirusning kelib chiqishi manbaini aniqlashdir. Qolaversa, virusning hayvondan kelib chiqishini tushunish borasida olgʻa siljish va u hayvondan insonga qanday oʻtganini aniqlashdan iborat boʻladi.

JSSTning sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayanning aytishicha, virusning kelib chiqishini aniqlash detektivga oʻxshaydi. “Hayvonlar va insonlar oʻrtasidagi chegara qachon oʻtilganini aniq bilmaymiz. Xitoyga yoʻl olayotgan olimlar sabab nimada ekanini aniqlashmoqchi. Eng asosiy, virusning insonga oʻtishi jarayoni qanday kechganini bilish lozim”, degan Rayan va virusning hayvondan insonga oʻtishi zanjirida ham yovvoyi, ham qishloq xoʻjaligi yoki bozordagi hayvonlar ishtirok etgan boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.

Xabaringiz bor, AQSH Prezidenti Donald Tramp kongressga mamlakatning JSSTdan chiqishi toʻgʻrisida rasmiy xabarnoma joʻnatgan edi. Tramp avvalroq Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotini Xitoyga yetarlicha chora koʻrmaganlikda ayblab chiqqan edi. Soʻngra JSSTga bundan buyon tashkilotni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatib qoʻyish bilan tahdid qilgandi.

Tramp oʻz qarorini JSST Vashington talab qilgan islohotlarni oʻtkazishdan bosh tortgani bilan tushuntirdi. AQSH tashkilotga moʻljallangan 450 million dollarni endi butun dunyo boʻylab sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq ehtiyojlarga yoʻnaltiradi. Ammo ochlik ostonasida qolayotgan odamlarni kim qutqaradi?

Afsuski, koronavirus pandemiyasi sababli dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar bir milliardga yetishi mumkin, deb ogohlantirmoqda Germaniyadagi xayriya tashkiloti. Xususan, Afrika mamlakatlari va janubiy yarimshardagi boshqa davlatlarda “COVID-19”ga chalinganlar soni oshmoqda, koʻpchilik ish joyini yoʻqotdi, iqtisodiyot kuchli jabr koʻrmoqda, mahsulotlar narxi oshyapti, sogʻliqni saqlash tizimlari kasallarga dosh berolmayapti, deb xabar beradi Germaniyadagi “Welthungerhilfe” xayriya tashkiloti.

Qayd etilishicha, koronavirus qurgʻoqchilik, iqlim oʻzgarishi, qurolli nizolar va sogʻliqni saqlash tizimidagi muammolarni yana-da chuqurlashtirmoqda. Shu bilan birga, dunyoda ochlikdan aziyat chekayotganlar yaqin oylar ichida koʻpayishi mumkin. Tashkilot maʼlumotiga koʻra, hozir dunyo boʻyicha 821,6 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda, bu yer yuzi aholisining 11 foizi degani. 47 mamlakatda esa ovqatlanish bilan bogʻliq vaziyat jiddiy, oʻta jiddiy va inqirozli deb baholanmoqda.

Dunyodagi ahvolni koʻrib turibmiz. Koronavirus pandemiyasining keng tarqalayotgani Oʻzbekistonga ham begona emas. Iqtisodiyotimiz ogʻir ahvolga tushib qolishini istamasak, karantin choralariga birdek rioya qilishimiz, behuda sanqimasligimiz, berilayotgan tavsiyalarga rioya qilishimiz shart.

Abduvali SOYIBNAZAROV,
siyosiy sharhlovchi

 

O’zA