Eshik oldida turgan sochi sariq, ko‘zi ko‘m-ko‘k, o‘zi yupun kiyingan bolakayni boshiga oq ro‘mol o‘ragan, yuzlarini ajin qoplagan o‘zbek onasi mehr bilan bag‘riga oldi…
Bu kimning bolasi, bu yerda nima qilib turibdi? Ona bular haqida o‘ylab ham ko‘rmadi. Faqat uning ko‘zlaridan mehrga tashnaligini his etdi, xolos. Ona bolani bag‘riga bosgancha o‘zi bilan uyga olib kirib, unga mehr-e’tibor ko‘rsatdi.
Bu kinorejissyor Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmidan olgan taassurotlarimdan bir parchasi. Bu epizodda film qahramonlari Mahkam ota va Mehriniso ayaning yagona o‘g‘li urush tugagach qaytib kelib, o‘zi bilan nemis bolani olib kelgani tasvirlangan. Mehriniso ona boshqa asrab olgan 14 bolasi kabi “dushman”ning bolasini ham quchog‘iga oladi.
Bu voqelar timsolida xalqimizga xos bag‘rikenglik, bolajonlik yaqqol ochib berilgan. O‘z navbatida, bu – yuksak ma’naviyat, insoniylik ifodasi.
Xalqimiz ezgu an’analariga asrlar davomida sayqal berib, rivojlantirib kelgan. Urush payti, qahatchilik bo‘lsa ham odamlarimiz insoniylikning oliy mezonlariga gard yuqtirmagan.
Bugun hayotimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin bir pallada esa yurtdoshlarimizning goh shu yerda, goh xorijda bola sotgani haqida eshitib qolamiz. Shunda dilimizni doim achchiq savollar o‘rtaydi: bola sotish aslida bizga or emasmi? Bu qabih jinoyat bo‘lishi bilan birga bolajon xalqqa nisbatan xiyonat emasmi?
…Yana qiz tug‘ilganidan Maftunaning qalbi o‘rtandi. Turmush o‘rtog‘ining vajohatidan qo‘rqib, uni tug‘ruqxonaga qoldirib ketishga qaror qildi. U o‘z farzandidan voz kechar ekan, tug‘ruqxona bosh shifokoriga “qizimni bolaga zor oilaga topshirishingizni istardim”, dedi.
Masalaning yechimini qidira turib bosh shifokor oldin shu yerda ishlab ketgan ayolni esladi. U darrov yetib keldi. Bola haqida eshitib, o‘n yildan beri tirnoqqa zor oilani bilishini aytdi. Oldin bunday voqeaga duch kelmagani uchun bosh shifokor sobiq hamkasbiga ishonib, hujjatlarni keyin rasmiylashtiramiz, hozir qizaloqni ularga olib boring, dedi.
Fuqaro B.H. chaqaloqni qo‘lga olgach, fikri o‘zgardi. Uni olib Shahrisabzdan Toshkentga yo‘l oldi. Bu yerga kelib, qizaloqqa “xaridor” qidira boshladi. Bir oila chaqaloqni 1200 AQSh dollariga sotib oladigan bo‘ldi.
Ko‘radigan foydani o‘ylab “bolafurush”ning dili chog‘ edi. U bu qilmishi bilan onalik nomiga dog‘ tushirayotganini bilib tursa-da, bunga qo‘l siltadi.
Ammo “xaridor” shunday pastkashlik evaziga foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan ayolni fosh qilish niyatida “kelishuv” haqida huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar berdi. Shu asosda tezkor tadbir tashkil etildi. B.H. jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida ushbu jinoyatga oid ish ko‘rib chiqildi. Nafaqat jinoyatni tashkil etgan, balki unga sharoit yaratib bergan, qonuniy yo‘l tutmagan tug‘ruqxona bosh shifokori D.H.ga nisbatan ham Jinoyat kodeksining odam savdosiga oid moddasi qo‘llanilgan holda uzoq yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Bir qarashda sobiq bosh shifokorda ayb yo‘qdek. Savob qilaman, deb, yana birovga ishonib dog‘da qolgan. Lekin har bir ishning o‘z qonun-qoidasi bor. Shunga amal qilinmagani uni jinoyatga sherik qildi.
Lekin jinoyatga jazo qo‘llashdan maqsad – jinoyatchining qilmishidan pushaymon bo‘lishi, xatosini tushunishi, uni qayta takrorlamasligidir. Qolaversa, sobiq bosh shifokor 25 yil bir dargohda mehnat qilib, odamlarga yaxshilik qilib, elda obro‘ orttirgan ayol edi. To‘plangan ana shunday dalillar, ishning D.H.ga oid qismini apellatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab qilingan murojaat Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonida sudlanuvchi doimiy istiqomat qilib kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini unga kafil bo‘lishni o‘z bo‘yniga oldi. Qonunchiligimizdagi bag‘rikenglik, sudlanuvchining qayta qonun buzmasligi kafolatini jamoat tashkiloti zimmasiga olgani kabi omillar inobatga olinib, D.H.ga birinchi instansiya sudida tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 2 yil sinov muddatiga almashtirildi. Bu shartli hukm hisoblanib, sudlanuvchiga ma’lum majburiyatlar yuklatiladi. U ushbu majburiyatlarni buzsa, avval tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashiga to‘g‘ri keladi.
– Sud va jamoat tashkilotlari hamkorligiga e’tibor kuchaydi, –deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Tal’at Tursunov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalaga e’tibor qaratib, Konstitutsiyamizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzasida insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi zarur, deb alohida qayd etdi. Bugungi sud jarayonida mahalla faoli sudlanuvchiga kafil etib belgilanib, u sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan bir ma’lumotga e’tibor qaratsak: 2017 yilning 9 oyi davomida sudlar tomonidan odam savdosi bilan bog‘liq 225 jinoyat ishi 297 shaxsga nisbatan ko‘rib chiqilgan. Ushbu jinoyatlarning ma’lum qismini esa, tabiiyki, bola sotish jinoyati tashkil etgan. Ommaviy axborot vositalari bola sotish bilan bog‘liq jinoyatning keyingi yillarda o‘sganiga e’tibor qaratmoqda.
Xo‘sh, nega tabiat ato qilgan ne’mat – zurriyodni sotishdan ayrimlar or qilmayapdi? “Boqishga qiynaldim”, “Menga pul zarur edi” va boshqa bahonalar quloqqa chalinadi. Axir yovvoyi hayvonlar ham o‘z bolasini qanchalik himoya qilishini bir tasavvur qilib ko‘raylik. Internetda tarqalgan bolasi hayoti uchun o‘zini mardona qurbon qilgan ona kiyik suratiga nazar solsangiz beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi…
Ko‘zingizni oching, odamlar, bolangizni sotmang…