Ayni damda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etgan davlatimiz rahbari barcha yig‘ilganlarni yurtimizda birinchi marotaba nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan muborakbod etib, agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilgan holda, kelgusidagi muhim vazifalarga e’tiborni qaratdi. Qayd etilganidek, fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida, mamlakatimizda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ziyod yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. Keyingi ikki yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari 45 foizga ko‘payib, ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan qishloqlarda yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yil mamlakatimizda 8 million 377 ming tonna g‘alla, 2 million 930 tonnadan ziyod paxta, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 856 million dollarlik 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi.
Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal yetishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan ko‘plab xo‘jaliklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Zotdor qorabayir otlarini ko‘paytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryoda yangi yilqichilik kompleksi tashkil etilib, respublikaning boshqa hududlarida ham bunday majmualar barpo etilmoqda.
Baliqchilik sohasini tiklash uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xo‘jaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sun’iy ko‘llarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. Yana bir muhim yo‘nalish–asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etildi.
Suv resurslari cheklangan xududlarda maxsus texnikalarni sotib olish uchun berilgan imtiyozlar natijasida qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish joriy qilindi. Prezident ta’kidlaganigidek, bu yutuqlar xotirjamlik uchun asos bo‘la olmaydi. Sohada hali o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar mavjud.
Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida aholini sifatli go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, meva-sabzavot yetishtirish, imkon qadar ko‘proq qayta ishlash va eksport qilish ishlarini yanada faollashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Sohadagi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.