Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Sirdaryo viloyatiga keldi.
Maʼlumki, joriy yil 1-may kuni Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi. Davlatimiz rahbari zudlik bilan hodisa yuz bergan joyga yetib borib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh boʻldi.
Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta koʻp qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta koʻp qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy obyekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yoʻl, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan.
Bu sinov qarshisida xalqimizning birligi, hamjihatligi, mehr-oqibati yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi. Tezkor chora-tadbirlar natijasida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.
Ularga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar, vazirlik, uyushma va aholi tomonidan Sirdaryoga yordam berish uchun homiylik mablagʻlari oʻtkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va roʻzgʻor buyumlari yuborildi.
Davlatimiz rahbari avvalgi safarlari chogʻida bu yerlik odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yana-da yaxshilash, yangi uy-joylar, ijtimoiy obyektlar barpo etib, yangi ish oʻrinlari yaratishni vazifa qilib qoʻygan edi.
Bugungi kunda Hukumat komissiyasi ish olib boryapti. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va taʼmirlash, odamlarni oʻzining tiklangan uyiga qaytarish va roʻzgʻoriga yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilishga katta kuch va vositalar safarbar etilgan. Bu borada Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari jonbozlik koʻrsatmoqda.
Bugungi kunga qadar 20 ta aholi punktidagi buzilgan uylar va ularning atrofi chiqindilardan tozalandi. 13 ta mahalladan suv qoldiqlari chiqarildi.
Ushbu mahallalarda hayot asta-sekin izga tushmoqda. Hozirda qariyb 66 ming aholi oʻz uylariga qaytdi. Boshqa joylarda tozalash-taʼmirlash ishlari tezkor surʼatlarda davom etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Sardoba tumanida boʻlib, hududda olib borilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Taʼmirlanayotgan xonadonlarni kirib koʻrdi, odamlar bilan suhbatlashdi.
Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasida 1480 xonadondan iborat 37 ta uy barpo etiladi. Davlatimiz rahbari mazkur turar joylarning poydevoriga tamal toshi qoʻydi.