Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk Gʻalabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram urush va mehnat faxriylari!

Avvalo, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari boʻlgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻpmillatli butun xalqimizni Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk Gʻalabaning 75 yillik shonli bayrami hamda Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hurmatli doʻstlar!

Barchangiz xabardorsiz, sizlar bilan birga bundan roppa-rosa bir yil muqaddam azim poytaxtimiz Toshkent shahrida muhtasham Gʻalaba bogʻini barpo etishga qaror qilgan edik. Ushbu qarorimiz zamirida Oʻzbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam ekani sizlarga yaxshi maʼlum.

Xudoga ming bor shukurki, el-yurtimiz dilidagi ana shu ezgu niyat ijobat boʻlib, ulugʻ ayyom kunlarida urush va mehnat faxriylari bilan Gʻalaba bogʻida va “oynai jahon” orqali diydor koʻrishib turibmiz.

Buyuk Gʻalabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib boʻlib, ham meʼmoriy jihatdan, ham tarixiy-maʼnaviy jihatdan gʻoyat noyob va mahobatli obida boʻlib qad rostladi.

Mana shu ulkan maydonda qisqa muddatda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida Gʻalaba bogʻi, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bagʻishlangan keng koʻlamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.

Agar vaqt imkon berganda edi, ularning har biri haqida soatlab gapirish mumkin boʻlardi.

Urush davridagi janggohlarni eslatadigan baland tepalik ustida afsonaviy general Sobir Rahimov kabi harbiy qoʻmondonlarimiz, oʻzbekistonlik barcha botir jangchilarning soʻnmas xotirasiga atab “Mangu jasorat” deb nomlangan ulugʻvor monument barpo etildi.

Zamonaviy muzey sanʼati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng ilgʻor yutuqlari asosida “Shon-sharaf” muzeyi bunyod qilindi. Bu yerda namoyish etilayotgan minglab tarixiy eksponatlar buyuk Gʻalabaga buyuk hissa qoʻshgan xalqimizning mislsiz jasoratini tarannum etishga, yosh avlodimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek olijanob maqsadga xizmat qiladi.

Biz bugun urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan beqiyos qahramonlikni ulugʻlaydigan, oʻzida ona Vatan timsolini mujassam etgan “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qoʻyib, fidoyi yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdik. Shuni aytish kerakki, ushbu yodgorlik majmuasiga qandaydir badiiy obraz emas, balki hayotimizda chindan ham boʻlgan tarixiy voqea – moʻtabar bir inson va uning oilasi toʻgʻrisidagi haqiqat asos qilib olingan.

Men oʻtgan yili 9-may bayramida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashab oʻtgan Zulfiya Zokirovaning har qanday odamni ham hayratga soladigan insoniy jasorati haqida soʻz yuritgan edim.

Turmush oʻrtogʻi Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya yolgʻiz oʻzi besh oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ikkinchi jahon urushida Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon degan beshta azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan.

Oʻzingiz oʻylang, aziz doʻstlar, har qanday insonni ham yakson qilib tashlaydigan bunday ogʻir zarbaga chidash mumkinmi? Lekin matonatli, metin irodali oʻzbek onasi bu cheksiz kulfatga bardosh bera oldi.

Urush tufayli Zulfiya Zokirovaning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qoldi. Onaizor umrining oxiriga qadar suv kelsa – simirib, tosh kelsa – kemirib, qahramon oʻgʻillarining aziz xotirasi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, yurtning tashvish va quvonchlari bilan yashadi.

Zulfiya ayaning mehr-oqibatli kelinlari ham undan oʻrnak olib, unga madad boʻlib, barchasi oʻz yoriga, oilasiga sodiq qoldi – boshqa turmush qurmadi.

Mana, bugungi davramizda Zulfiya aya Zokirovaning qarindoshlari – hurmatli Rahimjon Ahmadjonov, Farhod Mahamadjonov, Maʼrifat Ahmadjonova, Sanoat Mahmudova, Mavluda Xolmatova ishtirok etmoqdalar. Boshlariga tushgan ogʻir qiyinchiliklarni mardona yengib, Zulfiya aya va otalarining xotirasini pok saqlab, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan bu yurtdoshlarimizga barchamizning nomimizdan chuqur minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Men oʻtgan yilgi bayramda oʻzbek ayollari, oʻzbek xalqining mana shunday buyuk jasorati, sabru bardoshiga bagʻishlab, “Matonat madhiyasi” degan monument barpo etishni taklif qilgan edim. Keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bu tashabbusni qizgʻin qoʻllab-quvvatladi.

Shu mavzuda ijodkorlarimiz koʻplab maqolalar, sheʼr va dostonlar yaratmoqdalar.

Bu haqda gapirganda, men “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi toʻgʻrisida alohida toʻxtalmoqchiman. Isteʼdodli yosh rejissyor Jahongir Ahmedov suratga olgan ushbu ajoyib filmni men kecha juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim. Xalqimiz hayotining eng ogʻir, eng fojiali davriga bagʻishlangan bu asar tom maʼnoda qahramonlik qasidasi boʻlib, har qanday odamning ham qalbini larzaga soladi.

Dahshatli urush tufayli besh nafar bahodir oʻgʻlidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, yaʼni intizor boʻlib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida oʻzbek onalari, oʻzbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifoda topgan. Biz bu badiiy goʻzal asarni bugungi ulugʻ bayram kunida barcha telekanallarimiz orqali keng namoyish etishga qaror qildik.

Fursatdan foydalanib, men butun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni mana shu filmni oila davrasida koʻrishga, uning qahramonlaridan oʻrnak olishga daʼvat etaman.

Katta gʻurur va iftixor bilan taʼkidlab aytmoqchiman: Gʻalaba bogʻining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal boʻlib, ona Vatan ramzi boʻlib qad rostladi. Hech shubhasiz, ushbu yodgorlik butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat degan muqaddas tushunchalar timsoliga aylanib qoladi.

Bu yerga qadam qoʻygan har bir yigit-qiz millatimizning qonida, suyagida boʻlgan noyob maʼnaviy fazilatlarni asrab-avaylab, qadrlab yashash uchun mana shunday ulugʻ insonlardan tarbiya va ibrat oladi, deb ishonaman.

Aytish kerakki, qisqa vaqt ichida, ayniqsa, karantin sharoitida Gʻalaba bogʻi deb nom olgan bu ulkan majmuani barpo etish oson boʻlgani yoʻq. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, mohir quruvchi va meʼmorlarimiz, muhandislar, turli soha mutaxassislari, rassom va haykaltaroshlar, azamat yoshlarimiz bu vazifani oʻzlari uchun savobli bir ish deb bilib, tunu kun fidokorona mehnat qildilar. Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmua 9-may bayramiga qurib bitkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu gʻoyat ezgu ishga chin yurakdan hissa qoʻshgan barcha-barcha insonlarga oʻz nomimdan, el-yurtimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Gʻalaba bogʻi, Xotira, Qadr-qimmat bogʻi hammamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin!

Aziz faxriylar!

Bugungi qutlugʻ ayyomda barchamiz, avvalo, oʻz jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib taʼzim qilamiz. Sizlar kabi minglab urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Afsuski, karantin tufayli sizlarning barchangizni bu goʻzal maskanga, bugungi tantanali marosimga olib kelolmadik. Lekin mana shunday muqaddas va shukuhli kunda hammamiz ruhan, qalban sizlar bilan birgamiz.

Urush va mehnat faxriylarining aksariyati hozir viloyatlarda, harbiy okruglarda, boshqalari esa oʻz xonadonlarida oila aʼzolari bilan 9-may bayramini nishonlamoqdalar. Ular “oynai jahon” orqali bugungi tantanali marosimni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib bormoqdalar.

Sizlarning hammangizni – markazda va joylardagi bayram tadbirlarida ishtirok etayotgan, shuningdek, ushbu tantanali marosimni uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik soʻzlarimni eshitib turgan fidoyi insonlarni ulugʻ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, oʻzimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman. Siz, azizlarning barchangizni gʻoyibona bagʻrimga bosib, bugungi erkin va ozod hayotni taʼminlash yoʻlida koʻrsatgan mardligingiz, Vatanga sadoqatingiz uchun oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Biz sizlarning timsolingizda oʻzining dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogoʻy boʻlib yurgan moʻtabar insonlarni koʻramiz. Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hayot yoʻllarida duch kelayotgan turli qiyinchilik va muammolarni, hozirgi kunda boshimizga tushgan sinovlarni yengib oʻtishda biz sizlarning mislsiz sabot va matonatingizdan, qatʼiyatingizdan doimo kuch va ibrat olamiz. Yosh avlodimizni Vatanga, xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz sizlarni doimo oʻrnak deb bilamiz va kelgusida ham shunday boʻlib qoladi.

Jonajon yurtimizning fayzu farishtasi boʻlgan siz, azizlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish uchun bundan buyon ham sidqidildan xizmat qilamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugun Gʻalaba bayramining 75 yilligini nishonlar ekanmiz, xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan qahramonligi haqida takror va takror oʻylashimiz albatta tabiiydir.

Men avvalgi chiqishlarimda el-yurtimizning buyuk Gʻalabaga qoʻshgan hissasi hali toʻliq oʻrganilmagani haqida gapirib, jamoatchiligimiz eʼtiborini shu masalaga qaratgan edim. Bugun mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, keyingi yillarda ushbu yoʻnalishda juda katta ishlarni amalga oshirdik.

Avvalo, ilgari yopiq boʻlgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun maʼlum boʻlmagan materiallarni oʻrganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi.

Ana shunday ilmiy izlanishlar natijasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida, qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi maʼlumotlarga ega boʻldik. Hozirgi vaqtda ular ommaviy axborot vositalarida, kitob va albomlarda keng yoritilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida eʼtibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb boʻlmaydi.

Shuningdek, oʻsha davrda “quloq” sifatida boshqa oʻlkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani maʼlum boʻldi.

Shu borada yana baʼzi raqamlarni keltirmoqchiman: ilgari 396 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan.

Bundan tashqari, frontda bedarak yoʻqolganlar haqidagi maʼlumotlar ham toʻliq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan koʻproq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.

Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday ogʻir yoʻqotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!

Olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan Oʻzbekiston vakillarining soni boʻyicha ham oydinlik kiritildi. Shu paytga qadar bu koʻrsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi. Yangi maʼlumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor boʻlgani hujjatlar orqali oʻz tasdigʻini topdi.

Men mana shunday bebaho haqiqatni yuzaga chiqarib, adolatni qaror toptirishga katta hissa qoʻshgan tarixchi olimlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga katta rahmatlar aytaman. Ayni vaqtda ularni bu boradagi izlanishlarni davom ettirishga, mana shu Gʻalaba bogʻidagi “Shon-sharaf” muzeyini doimiy ravishda yangi maʼlumotlar bilan boyitib borishga daʼvat etaman.

Ota-bobolarimiz jasoratini chuqur oʻrganish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida yangi tarixiy maʼlumotlar asosida har yili 9-may bayrami arafasida alohida kitob tayyorlab, nashr etsak, oʻylaymanki, ayni muddao boʻladi.

Olovli urush yillarida butun Oʻzbekiston xalqi “Hamma narsa – front uchun”, “Hamma narsa – Gʻalaba uchun!” degan hayotiy eʼtiqod bilan yashadi. Mamlakatimiz front ortidagi mustahkam taʼminot bazasiga aylandi. Oʻzbekiston xalqi jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarogʻ, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Koʻpmillatli aholimizning fidokorona mehnati bilan respublikamizdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirildi va gʻoyat qisqa fursatda ishga tushirildi. Ming-minglab urush qatnashchilari mamlakatimizda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolanib shifo topdilar.

Yangi aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan Oʻzbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilindi. Xalqimiz bu odamlarning barchasiga chinakam mehr va eʼtibor koʻrsatdi, soʻnggi burda nonini ham ular bilan baham koʻrib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.

Aziz doʻstlar!

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirgʻin – Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 75 yil toʻlgan boʻlsa-da, afsuski, yer yuzining turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizga yaqin hududlarda qarama-qarshilik, qonli toʻqnashuvlar davom etmoqda. Shu sababli biz doimo hushyor va ogoh boʻlishimiz, mustaqilligimizni mustahkamlab, Vatanimiz qudrati, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yana-da oshirishimiz zarur.

Bugun biz sizlar bilan birgalikda yangi Oʻzbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi hayot, beqiyos oʻzgarishlar hammamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yana-da katta safarbarlikni talab etmoqda. Bu jarayonda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jahon hamjamiyati, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlikni kuchaytirishni biz eng muhim vazifamiz deb bilamiz.

Bugungi ulugʻ ayyomda fashizmga qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni samimiy tabriklab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Ishonchim komil, qahramon ajdodlarimizning jasoratiga sodiq boʻlgan olijanob xalqimiz tinch va farovon hayotni qadrlab, uni yana-da mustahkamlash yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni yana bir bor buyuk Gʻalabaning 75 yillik bayrami hamda Xotira va qadrlash kuni bilan chin yurakdan tabriklayman.

Mana shunday musaffo osmon, erkin va ozod hayot uchun kurashlarda gʻolib chiqqan faxriylarimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Mard va matonatli xalqimiz hamisha omon boʻlsin!

Gʻalaba bayrami barchamizga muborak boʻlsin!

 

OʻzA