Shavkat Mirziyoyev “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gul qoʻydi

Bugun mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi keng nishonlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari 9-may kuni ushbu shonli sana munosabati bilan barpo etilgan Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida gʻalabani taʼminlashga ulkan hissa qoʻshgan. Lekin bu jasoratni bor koʻlami bilan koʻrsatib beradigan yaxlit majmua yoʻq edi. Oʻtgan yili Prezidentimiz ulkan bogʻ barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish tashabbusini ilgari surgan edi.

Shundan soʻng, ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari, xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida badiiy-meʼmoriy konsepsiya ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu boradagi loyihalar bilan bir necha bor tanishdi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod joy ajratilib, ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Gʻalaba bogʻi har biri alohida mavzuga ega boʻlgan ikki qismdan iborat. Birinchisida oʻzbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, ikkinchisida front ortidagi respublikamiz hayoti aks etgan.

Prezidentimiz dastlab “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qoʻydi.

Bu yodgorlik qandaydir badiiy obraz emas, unga hayotda boʻlgan voqea – moʻtabar ona va uning oilasi toʻgʻrisidagi haqiqat asos qilib olingan.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida yashagan Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh oʻgʻlidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo boʻlgan. Uning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qolgan. Kelinlari ham Zulfiya ayadan oʻrnak olib, oʻz oilasiga sodiq qolgan, boshqa turmush qurmagan.

Oʻtgan yilgi Xotira va qadrlash kunida davlatimiz rahbari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh oʻgʻli, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal oʻrnatish hamda unga “Matonat madhiyasi” deb nom berish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusni jamoatchiligimiz qizgʻin qoʻllab-quvvatladi. Shu mavzuda maqolalar, sheʼrlar va badiiy film yaratildi.

Bugun Gʻalaba bogʻining markazida ushbu muazzam obida qad rostlab turibdi.

– Bu Oʻzbekistondagi barcha onalarga qoʻyilgan haykal, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ushbu yodgorlik butun xalqimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, muhabbat, vafo va sadoqat timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga kelgan yoshlar millatimizning qonida boʻlgan fazilatlarni anglab, ularni qadrlab yashashga intiladi.

 

O’zA