Bugun, 8-may kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlariga samimiy tabrik va tilaklar bildirdilar. Birodar xalqlarimizning Buyuk Gʻalabaga erishishda beqiyos hissa qoʻshgani alohida qayd etildi.
Suhbatda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo munosabatlari jadal rivojlanayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlab chiqarish kooperatsiyasi kengayib borayotgani, hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi muloqotlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va taʼlim sohasidagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ilgari surish maqsadida qoʻshma Hukumatlararo komissiya doirasidagi uchrashuvlarni, shu jumladan videoanjumanlar shaklida davom ettirishga kelishib olindi.
Prezidentlar pandemiya bilan bogʻliq ikki mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildilar hamda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda aloqador idoralarga yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taʼminlash boʻyicha topshiriq berdilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida koʻp tomonlama qoʻshma tadbir va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Suhbat har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.
O’zA