Xumbuz ovul mahallasi hududida ko‘p qavatli yettita uy foydalanishga topshirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrining Xumbuz ovul mahallasi hududida 315 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli yettita uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar va qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura talablari asosida o‘zgartirish jarayonida aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, yosh va kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

13.jpg

Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida bunyod etilgan uylar “Nukus konstant injiniring”, “Sho‘raxon qurilish montaj”, “Nukus isker”, “Kegeyli yangi davr” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan qurildi.

4.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan uylarda barcha qulaylik yaratilgan.

7.jpg

Uch xonali xonadonning kaliti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Patrul-post boshqarmasi xodimi Aydos Tajimuratovga topshirildi.

– Bu oilamiz uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi A.Tajimuratov. – Yangi uydagi qulayliklardan, ayniqsa, rafiqam Mehribon juda xursand bo‘ldi. Mehmon kutish, bolalar xonalari, oshxona, umuman, barchasi a’lo darajada. Bunday e’tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA