Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va doʻst xalqlarimizga koronavirusning global miqyosda tarqalishi bilan bogʻliq bugungi murakkab davrda sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shu jumladan savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari batafsil koʻrib chiqildi.

Prezidentlar pandemiyaning savdo amaliyotlari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari, eksport-import yuklarining tranzit tashuvlari uchun salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga videoanjumanlar oʻtkazib borishni davom ettirishni topshirdilar.

Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlik qilishga, jumladan, ushbu xavfli kasallikni profilaktika qilish va davolash borasida, aholi va biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha birinchi galdagi choralar boʻyicha axborot va tajriba almashishga kelishib olindi.

Muloqot chogʻida xalqaro hamkorlikka oid qator masalalar koʻrib chiqildi.

 

OʻzA