Suhbat chogʻida strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlarining joriy holati va ularni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Prezidentlar oʻzbek va turkman xalqlarining taqdirida umumiy jihatlar juda koʻpligi, ularni qadimiy tarix, anʼana va urf-odatlar bogʻlab turganini alohida qayd etdilar. Xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va birodarlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari bugungi kunda oʻz rivojining yangi, tarixiy bosqichiga koʻtarildi.
Davlat rahbarlari savdo, energetika, transport va tranzit, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani va samarali idoralararo aloqalar yoʻlga qoʻyilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Hamkorlikka oid ustuvor loyihalarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida ilgari surish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Muloqotda, shuningdek, mamlakatimizda Sardoba suv omboridagi favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalarga toʻxtalib oʻtildi.
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat xususida ham fikr almashildi.
Ushbu xavfli kasallikning oldini olish, shuningdek, bugungi murakkab davrda milliy iqtisodiyot va aholini qoʻllab-quvvatlash borasida birodar mamlakatlarimizda koʻrilayotgan choralar toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.
Prezidentlar tegishli vazirlik va idoralarga virusga qarshi samarali kurashni tashkil etish masalalarida oʻzaro muvofiqlashuv va hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha topshiriq berdilar.
Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka oid qator dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqdilar.
Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.