Prezidentimiz raisligida joriy yil 15-noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash yuzasidan topshiriq berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Oliy sud raisi K.Komilov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Memorandumda yoshlar bilan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida sudlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud ishlari bo‘yicha sud binolarida o‘tkaziladigan ochiq sud majlislari jarayonlarida, shuningdek, sayyor sud majlislarida ularning ishtirokini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.

Erta nikoh, yosh oilalar ajralishlarining hamda ular orasida mulkiy tusdagi (qarz, kredit, ijara) va boshqa fuqarolik huquqiy munosabatlardan vujudga keladigan nizolarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Memorandumda ana shu masalalar hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, jumladan, muddatidan ilgari shartli ozod etilgan hamda sud zalidan ozod etilgan yoshlar, shuningdek, yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha o‘zaro ma’lumotlar almashish orqali yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Tadbirda sodir etilgan jinoyat, huquqbuzarliklar bo‘yicha sud tomonidan jazo tayinlashda har bir hukmning qonuniy va adolatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida sudlanuvchi yoshlarning shaxsi yuzasidan jamoatchilikning fikrini inobatga olish lozimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari tomonidan sudga taqdim etish maqsadida kafillikka olinuvchi shaxs yangi jinoyat sodir etishining oldini olish, uni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish borasida aniq va maqsadli individual dasturlar loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan ushbu memorandum mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yosh avlod vakillarini qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA