Taʼlim tizimidagi yangi qulayliklar muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni joriy oʻquv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Pandemiya sababli tizimga masofaviy texnologiyalar joriy qilinib, 10 mingdan ziyod taʼlim muassasasidagi 7 million oʻquvchi va 500 ming talabaga onlayn dars berish yoʻlga qoʻyildi. Bu yangi mexanizm karantin sharoitida fanlar oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlab bermoqda.

Endi joriy oʻquv yilini sifatli yakunlash vazifasi turibdi. Xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy oʻquv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Yigʻilishda mazkur jarayonlarni sifatli tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Taʼlim muassasalariga hujjatlar qabulini takomillashtirib, masofadan, onlayn shaklda, internet orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratish zarurligi taʼkidlandi. Bu boradagi yangi tartib va afzalliklar haqida aholi batafsil xabardor qilinadi.

Maʼlumki, 2020-yildan kirish imtihonlari jami 5 ta – uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fani boʻyicha oʻtkazilishi belgilangan edi. Lekin karantin sharoiti yoshlarning imtihonga toʻla tayyorgarlik koʻrish imkoniyatini ham chekladi.

Qolgan qisqa vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida, joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda oʻtkazish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Respublikamizda Prezident maktablari soni 4 taga yetdi, 9 ta ijod maktabi oʻz faoliyatini olib bormoqda. Joriy yilda yana 5 ta Prezident maktabi va 2 ta ijod maktabini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ularni oʻz muddatida qurish ishlarini tizimli tashkil etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Karantin tufayli ijtimoiy masofa tushunchasi hayotimizdan muhim oʻrin egalladi. Shundan kelib chiqib, taʼlim muassasalarida, ayniqsa maktablarda, meʼyorlarni qayta koʻrib chiqish zaruriyati taʼkidlandi.

Pandemiyani sabab qilib taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlarni kechiktirishga mutlaqo haqqimiz yoʻq, dedi Prezidentimiz.

Vaziyatga qarab, oʻquv yuklamalarni va dasturlarni qayta koʻrib chiqish, oliy oʻquv yurtlarida amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi belgilandi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga oliy taʼlim muassasalariga reja va dasturlarni ish beruvchilar talabidan kelib chiqib mustaqil tasdiqlash vakolatini berish boʻyicha vazifalar yuklatildi. Dasturlarning belgilangan talablarga mosligini nazorat qilish mexanizmi ham ishlab chiqiladi.

Zerikarli maʼruzalar oʻqish, konspektlar yozdirish kabi oʻzini oqlamagan usullardan voz kechib, taʼlim metodikasini rivojlantirish va pedagoglar saviyasini oshirish gʻoyat muhim masalaligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, Xalq taʼlimi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklariga bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashgʻulotlarini masofadan kuzatish, baholashda inson omilini kamaytirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish topshirigʻi yuklatildi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni kasbga yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish zaruriyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Litseylarning faoliyatini qayta koʻrib chiqish, seleksiya ishlarini kuchaytirish maqsadida taʼlim jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Litseyning maktabdan katta farqi boʻlishi kerakligini inobatga olib, mutasaddilarga litseylar faoliyatini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, yangi tizim asosida tashkil etilishi belgilangan
kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarni ishga tushirish vazifalari aniq belgilab berilgan. Bu borada eski kollej tizimi xatolari takrorlanmasligi zarur. Shu bois har bir viloyatda bittadan namunali kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumni tayyorlash vazifasi belgilandi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi.

O’zA