Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-aprel kuni pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Jahon bozorida neft, paxta, gaz va elektr energiyasi narxi pasayib, oziq-ovqat tovarlarining narxi oshib bormoqda. Koʻplab davlatlar un, don, guruch, yogʻ, kartoshka kabi mahsulotlarni eksport qilishga cheklovlar oʻrnatdi.
Shu bois qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish bugungi kundagi eng muhim masala hisoblanadi. Bu borada sugʻoriladigan maydonlarda 2-3-martadan hosil olish, foydalanishdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish choralari koʻrilmoqda. Ishlab chiqarish va saqlash quvvatlari kengaytirilmoqda.
Yigʻilishda mahsulot yetishtirishni oshirish, strategik zaxiralarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, har bir viloyat va tuman rahbarida joriy yil 1-iyundan 2021-yil 1-iyungacha aholi ehtiyojini taʼminlash boʻyicha aniq hisob-kitob boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Tumanlarda mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish imkoniyatlari, oborotdan chiqqan yerlarni oʻzlashtirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilikdagi rezervlar aniq belgilab berilgan. Endi shu boʻyicha ishni tashkil etib, yetishmaydigan mahsulotni boshqa tumanlardan olish yoki ortiqchasini sotish lozimligi qayd etildi.
Misol uchun, Dehqonobod tumanida paxta ekilmaydi, gʻalla esa lalmi maydonda yetishtiriladi. Chiroqchi tumanida 100 ming gektardan ortiq yaylov yerlardan samarali foydalanilmayapti. Bu tumanlarda Qoraqalpogʻiston tajribasi asosida kooperatsiya usulida chorvachilik korxonalari tashkil etish yaxshi samara beradi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun yurtimizda yetarli hajmda yetishtirilmaydigan mahsulotlar maydonini kengaytirish gʻoyat muhim.
Masalan, 2019-yilda qariyb 60 ming tonna guruch import qilingan. Yoki yetarli yer maydonlari boʻla turib, 150 ming tonna kartoshka chetdan olib kelingan.
Shulardan kelib chiqib, joriy yilda qoʻshimcha 10 ming gektar yerlarda, jumladan, Xorazmda 6 ming, Qoraqalpogʻistonda 3 ming, Sirdaryoda 1 ming gektarda koʻchat usulida sholi ekish boʻyicha topshiriq berildi. Kartoshka ekiladigan maydonlarni kamida 50 ming gektarga yetkazish va hosildorlikni 2 barobarga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Yogʻ-moy sanoati tizimidagi quvvatlardan atigi 46 foiz foydalanilmoqda. Xomashyoning 90 foizini chigit tashkil qiladi. Shu bois 22 ta yirik yogʻ-moy korxonasiga oborotdan chiqqan 50 ming gektar yerni biriktirib, soya, maxsar, kungaboqar kabi moyli ekinlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, ulardan mahsulot ishlab chiqarishni 40 ming tonnaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.
Bu yil gʻalla hosilidan 735 ming tonna bugʻdoy fermerlar ixtiyorida qolishi eʼlon qilingan, hosildorlikni 20 sentnerga oshirish rejalashtirilgan. Bu ishlar fermerlarning manfaatdorligini oshirish, aholini don va un mahsulotlari bilan yetarli miqdorda taʼminlash uchun qilinmoqda.
Mutasaddilarga donni bozor narxida sotib olish, donni qayta ishlovchi xususiy korxonalarni jalb qilgan holda saqlash va qayta ishlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ichki bozorni mahsulot bilan toʻldirishda tomorqa, eksport uchun dala dehqonchiligi katta zaxira hisoblanadi.
Ikki yil oldin tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” tizimidagi 244 ta korxonaning 65 tasi eksport qilmoqda. Biroq, koʻp joylarda bu xizmat toʻliq ishlamayapti. Shu bois mazkur tizimni takomillashtirish, korxonalarga koʻchat yetishtirish uchun yer ajratish, ularni texnika va uskunalar bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga xonadonlarda mahsulotlarni saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli muzlatkichlar qurilishini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlashni koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, sut mahsulotlari importi hajmi 70 million dollardan oshgani, yurtimizda toʻliq ishlab chiqarish imkoni boʻlgan mayonez, tomat, konservalangan makkajoʻxori va noʻxat ham chetdan keltirilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Sutni qayta ishlash darajasi Xorazm, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida 10 foizga ham yetmaydi.
“Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasiga import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va qayta ishlangan meva eksporti hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, ichki isteʼmol talabidan ortiqcha meva-sabzavotlarni nobud qilmay, tashqi bozorlarga sotish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Koronavirus pandemiyasi koʻp masalalardagi xatolarni, jumladan, dehqon bozorlaridagi kamchiliklarni yaqqol koʻrsatdi. Shu bois hozirgacha boʻlgan standartlarni qayta koʻrib chiqish, dehqon bozorlarida davlat ishtiroki talabini bekor qilib, xususiy sektor ishtirokida zamonaviy dehqon bozorlari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Strategik zaxiralarni shakllantirish borasida ham jiddiy kamchiliklar borligi maʼlum boʻldi. Masalan, 6 turdagi mahsulot boʻyicha zaxira shakllantirilmagan. Bugʻdoy esa, aksincha, zaruratga nisbatan 5 barobar koʻp gʻamlangan.
Shu bois Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga strategik zaxiralar nomenklaturasi va hajmlarini tanqidiy koʻrib chiqib, bu borada yangi tizim yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan agrosanoat tarmogʻi rahbarlari va hokimlarning hisoboti eshitildi.
OʻzA