Qoraqalpogʻiston Respublikasida soʻngi uch kunda 4 mingdan ziyod korxona homiylik koʻrsatish tashabbusi bilan chiqdi

Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining uchinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Onlayn videoaloqa tarzida oʻtkazilgan tadbirda deputatlar bilan birga hukumat aʼzolari, sektor rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yoʻllagan tavsiyasi oʻqib eshittirildi.

photo_2020-04-29_23-24-37.jpg

Tavsiyada qayd etilganidek, sektorlar kesimida koronavirus pandemiyasi natijasida ishsiz qolgan, kam taʼminlangan oilalarning roʻyxatini doimiy ravishda oʻrganib borish, ularga tadbirkor va fermerlarni ixtiyoriy ravishda biriktirish zarur.
“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida ishtirok etgan tadbirkorlarga, fermer xoʻjaliklariga davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar berilishi tashkil etiladi. Shu nuqtayi nazardan, senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari oʻzlari saylangan hududlarda ushbu tashabbusning qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, koronavirus pandemiyasiga qarshi amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻib qilib borishi kerak.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi taʼsirini yumshatish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan farmon, qarorlar va ishlab chiqilgan dasturlar aholi xavfsizligini, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

photo_2020-04-29_23-24-45.jpg

Ushbu masalalar yuzasidan tashkil etilgan maxsus komissiya hamda shtab tomonidan mamlakatimizdagi bugungi kungi holat nazorat qilib borilmoqda. Ayniqsa, infeksiyaga chalingan bemorlarni davolashda tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Yaqinda xitoylik bir guruh mutaxassislar mamlakatimizda, shu jumladan, Orolboʻyida boʻlib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda oʻzlarining maslahatini berdi. Ular mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi. Shuning natijasida butunlay tuzalib chiqayotganlar soni ortib bormoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 104 nafar bemordan bugungi kunga 62 nafari tuzaldi. Bunda Sogʻliqni saqlash, Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari mehnatini alohida eʼtirof etish joiz.

photo_2020-04-29_23-24-40.jpg

Bugungi sinovli kunlar bizning har birimizdan ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularning bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishimizni talab qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining toʻliq ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Pandemiya sharoitida ishsizlar, yordamga muhtoj aholi soni ortishini hisobga olgan holda xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Ayniqsa, muqaddas Ramazon oyida ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish, har bir tadbirkor oʻzi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo, mahalladoshlari, qoʻni-qoʻshnilarini faol qoʻllab-quvvatlashi zarurligi qayd etildi.
Ikki kun davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman va shahar sessiyalari oʻtkazilib, ularning kun tartibida aynan ushbu masalalar koʻrib chiqildi. Har bir ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi xonadonlar ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqildi. Pandemiya davrida ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish maqsadida soʻngi uch kunda 4 mingdan ziyod korxona homiylik koʻrsatish tashabbusi bilan chiqmoqda. Ular tomonidan soʻngi uch oy mobaynida 10 ming 646 ta xonadonga 30 milliard soʻmdan ziyod moddiy yordam koʻrsatish, 11 ming 594 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash boʻyicha takliflar bildirilayotganligi tahsinga sazovor.

photo_2020-04-29_23-24-48.jpg

Hozirgi pandemiya sharoitida aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash, tomorqalardan maqsadli foydalanish zarur. Bunda mahalliy hokimliklar bilan bir qatorda deputatlar ham faollik koʻrsatishi talab qilinadi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan sektor rahbarlarining taqdimotlari tinglandi.
Sessiyada shuningdek, oʻtgan yilning yakunlari va joriy yilga belgilangan rejalar, tashkiliy va boshqa masalalar muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov nutq soʻzladi.

photo_2020-04-29_23-24-33.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA