Poytaxtimizda I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga o‘n yil to‘lgani munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori A.Maksimenko va boshqalar O‘zbekistonda umume’tirof etilgan jahon standartlari va o‘quv dasturlari asosida turli sohalarda, xususan, mamlakatning neft-gaz va neft-kimyo tarmog‘i uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
2007-yil mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ta’lim dargohida o‘n yil davomida ko‘plab yetuk mutaxassislar tayyorlandi. Ayni vaqtda ushbu maskanda 730 nafardan ko‘proq talaba ta’lim olmoqda.
Mazkur oliy o‘quv yurti yangicha fikrlovchi, xalqaro talablarga mos oliy ma’lumotli malakali kadrlarni yetkazib bermoqda. Bitiruvchilar sohaga ixtisoslashgan yirik kompaniyalarda mehnat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan mamlakatimiz neft-gaz tarmog‘i uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qo‘shgan katta hissasi uchun I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tadbirda yuksak mukofot Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasasi bayrog‘iga qadab qo‘yildi.
– O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, – deydi I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining prorektori Vladimir Koshelev. – Toshkentdagi filialimiz har jihatdan mukammal bo‘lib, bu yerda tahsil olayotgan talaba-yoshlar ham katta salohiyatga ega. Shu bois kelgusida filial faoliyatini yanada kengaytirish, yangi yo‘nalishlar ochish mo‘ljallanmoqda.
Ta’kidlash joizki, kuni kecha universitetning Qashqadaryo mintaqaviy bo‘limi ochildi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori hamda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi.
– Bo‘lim eng zamonaviy texnika va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlangan, – deydi «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Zuhriddin Abrorov. – Ushbu zamonaviy o‘quv maskani uchun mazkur hudud tanlab olinganligi bejiz emas. Qashqadaryo viloyatida neft va gaz konlari ko‘p va doimo yuqori malakali mutaxassislarga katta ehtiyoj mavjud.
Tadbir doirasida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Sultonov so‘zga chiqdi.