“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) o‘rtasida 2006-yil iyun oyida tuzilgan bitimni amalga oshirishda samarali natijalarga erishilmoqda.
Buxoro viloyati Olot tumanida «New Silk Road Oil and Gas» O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Dengizko‘l gaz kondensati konining (GKK) Xo‘jasayat uchastkasini, Xo‘jadavlat GKKni va Sharqiy Olot GKKni obodonlashtirish» loyihasi doirasida aholi yashashi uchun mo‘ljallangan shaharcha barpo etildi. Xo‘jasayat uchastkasidan tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari boshlandi.
– Mamlakatimizda neft va gaz sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari B.Siddiqov. – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham bu borada muhim vazifalar belgilangan. Sohani jadal rivojlantirishda xorij kompaniyalari bilan hamkorlikning ahamiyati katta. Xitoylik sheriklar bilan aloqalarimiz doirasi kengayib borayotir. Ilgari hamkorlikdagi faoliyatimiz gaz quvurlari barpo etish, tabiiy gazni uzatish, yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lsa, endilikda yerosti tabiiy boyliklarini qidirish, o‘zlashtirish loyihalarini ham amalga oshirmoqdamiz. Namangan viloyatida neft konlarini o‘zlashtirishda ham hamkorlik qilamiz.
Tadbirda xorijlik hamkorlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
– Kompaniyamiz O‘zbekistonda amalga oshirayotgan qo‘shma loyihalar juda yuqori investitsion jozibadorlikka ega, – deydi Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) vakili Van Chjunsay. – Shu o‘rinda ikkala mamlakat manfaatlariga xizmat qiladigan bunyodkorlik ishlariga katta hissa qo‘shayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning professionalligini alohida ta’kidlamoqchiman. Ularning xitoylik mutaxassislar bilan hamjihatlikdagi mehnati tufayli qisqa muddatda belgilangan vazifalarni sifatli bajarishga muyassar bo‘ldik. Biz bunday o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash niyatidamiz.
Murakkab cho‘l sharoitida ishchi va mutaxassislarning samarali faoliyat yuritishida ularga yashash va dam olish uchun munosib sharoit yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu jihat hisobga olinib, bu yerda 72 kishiga mo‘ljallangan va barcha qulayliklarga ega vaxta tipidagi shaharcha barpo etildi.
Qo‘shma korxona tomonidan Xo‘jadavlat va Sharqiy Olot gaz kondensati konlarini obodonlashtirish, 8 yangi quduqni burg‘ilash va avval burg‘ilangan uchta quduqni ta’mirlash, 43 kilometrli gaz quvurini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida yiliga eksportga yo‘naltiriladigan 1 milliard kub metrgacha tabiiy gaz qazib chiqarish va ichki bozor uchun qariyb 6,5 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish ta’minlanadi. 150 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxona tomonidan geologik qidiruv ishlari olib borish, yangi istiqbolli uglevodorodli konlarni ishga tushirish borasida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.