Eronda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat jiddiyligicha qolmoqda

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Eron Islom Respublikasida kechaning oʻzida 2 ming 206 kishida koronavirus aniqlangan. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni 27000 dan ortdi. Shundan 143 kishi 25-mart kuni vafot etgan. Jami oʻlim holati 2 ming 77 tani tashkil etdi.

Mamlakatda pandemiyaning oldini olishga qaratilgan keskin chora-tadbirlar, xususan tibbiyot sohasi vakillariga yaratilgan imkoniyatlar, testlarni koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida yaqin kunlarda vaziyat barqarorlashishi kutilmoqda.Bundan tashqari, xalqaro donor tashkilotlari, shuningdek Rossiya va Xitoy davlatlari Erondagi vaziyatni yaxshilash uchun tibbiy uskunalar va boshqa ehtiyoj vositalarini yetkazib bermoqda.

Oʻzbekiston ham Davlatimiz rahbarining topshirigʻi va Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan 16-mart kuni Eronga mazkur infeksiyaga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qoʻlqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy ogʻirligi qariyb yetti tonnaga yaqin tibbiy buyumlardan iborat insonparvarlik yordamini joʻnatgan edi.

 

OʻzA