Oʻzbekiston va Hindiston atom energetikasi sohasida kadrlarni tayyorlashda hamkorlik qiladi

Oʻzatom” agentligida Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonning yoqilgʻi-energetika kompleksida (YOEK) hamkorlikning rivojlanishi, jumladan, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, uchrashuvda “Oʻzatom” agentligi delegatsiyasining shu yil fevral oyida Hindistonga qilingan safar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar muhokama qilindi.

Muhokama chogʻida Hindiston tomonidan Yadroviy-energetik hamkorlikning global markazi (GCNEP, Hindiston) bilan “Oʻzatom” agentligi oʻrtasida atom energetikasi sohasida kadrlarni tayyorlash borasida hamkorlik qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumining loyihasi rasman taqdim etildi.

GCNEP 2010-yilda Hindiston Hukumatining Atom energiyasi boʻyicha departamenti qoshida tashkil qilingan. Markaz qoshida 5 ta maktab mavjud boʻlib, ular yadro energiyasi va yadroviy xavfsizlik sohasidagi tadqiqotlarga, radiologik xavfsizlik, yadroviy material xarakteristikalarini oʻrganishga, radioizotoplar va radiatsion texnologiyalarni qoʻllashga yoʻnaltirilgan.

Ayni paytda elchi Hindiston tomoni Oʻzbekiston uchun quyoshli panellarni joriy etish uchun grantlar berish imkoniyati mavjudligini ham maʼlum qildi.

Oʻzbekiston tomonidan investitsiyaviy dasturlarda ishtirok etish uchun taklif bildirildi hamda Oʻzbekiston kimyo sanoati uchun berilgan takliflarda ulushbay boʻyicha ishtirok etishi taklif qilindi.

 

OʻzA