“Orolni asraylik” aksiyasi yoshlarni bir maqsad atrofida birlashtirdi

Bugun Orolboʻyi hududini daraxtzorga aylantirish barchaning ezgu niyatiga aylanmoqda. Shunga monand, davlatimiz rahbari Moʻynoqqa tashrifi chogʻida Orol dengizining qurib qolgan tubiga himoya oʻrmon oʻsimliklarini ekishni tezlashtirish boʻyicha ham koʻrsatmalar bergan edi.
Unga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Orol dengizining qurigan hududlarida “yashil maydon” oʻrmonzorlarini barpo etishni jadallashtirish maqsadida “Orolni asraylik” aksiyasi tashkil etildi, deb xabar berdi matbuot xizmati.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida ishlovchi yoshlar bu aksiyani qoʻllab-quvvatlagan holda Moʻynoqqa safar qilib, Orolboʻyi hududidagi tuzli qumlarni atrofga tarqalishini kamaytirish hamda ekologiyasini yaxshilash maqsadida saksovul, yulgʻun va qorabaraq kabi butasimon oʻsimliklar koʻchatlarini ekdi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirdan koʻzlangan yagona maqsad kelgusida bu joylarda “yashil qoplama” oʻrmonzorlar barpo boʻlishi, Orolboʻyida yangi hayot boshlanishiga hissa qoʻshishdir.
Eslatib oʻtamiz, mazkur ishlarni samarali tashkil etish boʻyicha Prezidentimizning 2017-yil 18-yanvarda “2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaror ham imzolangan.

 

OʻzA