Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida Davlat byudjetini tayyorlash va fuqarolarga e’lon qilish konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish islohotlariga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi ijrosi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilda qabul qilingan Byudjet kodeksiga muvofiq oshkoralik mamlakatimiz byudjet tizimining muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ushbu tamoyil jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun Davlat byudjetini tayyorlash, ko‘rib chiqish va qabul qilish jarayonlari, tasdiqlangan byudjet, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, ularning ijrosiga doir ma’lumotlarni e’lon qilish bo‘yicha oshkoralikni nazarda tutadi.
Mazkur tamoyilni ro‘yobga chiqarish joriy yilda Harakatlar strategiyasining qabul qilingani hamda 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani bilan ham ahamiyatlidir. Yangi tashabbuslar axborotni ma’lum qilish hamda Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini ko‘rib chiqish, qabul qilish va ularning ijrosini ta’minlash jarayoniga fuqarolarni jalb qilish mexanizmini joriy etishni taqozo etmoqda.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, qabul qilinayotgan qaror va chora-tadbirlar davlat boshqaruvi organlari va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tubdan o‘zgartirdi. Yangicha yondashuv davlat boshqaruvi organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot hukumatga bo‘lgan ishonchning ortishiga xizmat qiladi, degan tushunchaga asoslangan. Bunda fuqarolar hokimiyat organlarining mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakat va chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki aholi qabul qilinayotgan choralar ularning manfaati yo‘lida ekanini tushunadi.
Fuqarolar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish nafaqat byudjet jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, balki byudjet tizimi, barcha darajadagi byudjetlar, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini shakllantirish va ularning ijrosi haqida keng jamoatchilik xabardor qilinishini ham ta’minlaydi. Bu fuqarolarning byudjet siyosatining maqsadi va ustuvor yo‘nalishlarini yaxshi tushunishi hamda ularni byudjetni muhokama qilish va uning ijrosini nazorat qilish jarayoniga jalb qilishni osonlashtirish imkonini beradi.
Fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi byudjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, byudjet tizimining parametrlari, byudjet mablag‘larini sarflash natijalari haqida tushunarli shaklda axborot taqdim etishga mo‘ljallangan Byudjet konsepsiyasi aynan shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Ta’kidlash joizki, ushbu konsepsiya – byudjet hujjatining soddalashtirilgan ko‘rinishi bo‘lib, u byudjet tushunchasi barcha uchun tushunarli bo‘lishi uchun norasmiy tilda yozilgan hamda ko‘nikmasi bo‘lmagan foydalanuvchilarning keng doirasiga mo‘ljallangan axborot-tahliliy materiallarni o‘z ichiga oladi. Byudjet va byudjet jarayoni asoslari, byudjet ijrosi, byudjet loyihasi, davlat dasturlari, fuqarolar uchun ommaviy eshituvlar va boshqa ma’lumotlar shular jumlasidandir.
Tadbirda ishtirokchilarga Byudjetni tayyorlash va fuqarolarga e’lon qilish konsepsiyasining asosiy qoidalari haqida so‘zlab berildi. Xususan, “fuqarolik byudjeti”ning asosiy maqsadli guruhlari, uning mazmuni va tuzilmasi, uni taqdim etish shakllari, usullari va vositalari hamda uni e’lon qilish muddatlari va tarqatish kanallari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va taqdim etilgan hujjat yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Mazkur takliflar 2018-yilda tayyorlanishi rejalashtirilayotgan fuqarolar byudjetini ishlab chiqish jarayonida e’tiborga olinadi.