Unda oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlik yoʻnalishlari, xususan Oʻzbekiston milliy OTMlar reytingini THE metodologiyasi asosida takomillashtirish va milliy OTMlarimizning xalqaro reytingda oʻrin olishlarini taʼminlash boʻyicha rejalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Taʼlim inspeksiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalari reytingini tuzish va rasman eʼlon qilish va dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy taʼlim muassasalarining ushbu reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish vazifasi yuklangan edi. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikamizdagi kamida 10 ta OTMni xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga, shu jumladan OʻzMU va SamDUni birinchi 500talik roʻyxatga kiritish belgilangan.
Mazkur vazifalarni bajarishda Times Higher Education xalqaro reyting agentligi Taʼlim inspeksiyasiga yaqindan koʻmaklashib kelmoqda.
Xususan, milliy OTMlar reytingidagi indikatorlar THE mutaxassislari tomonidan ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy taqriz berildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston OTMlarining raqobatbardoshligini oshirish, ular orasidan eng yaxshilarini dunyoning yetakchi ilmiy-taʼlim markazlari qatoriga kiritish, pirovardida universitetlarning nufuzli xalqaro reytingiga kirishini taʼminlash yoʻlida hamkorlik qilib kelmoqda.
Amaliy hamkorlik natijasi sifatida THE tomonidan 2019-yilning 10-12-sentyabr kunlari Shveysariyaning Syurix shahrida oʻtkazilgan “Butunjahon Taʼlim Sammit”iga Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi delegatsiyasi ham taklif etilgani va tashrif mobaynida THE rahbariyati bilan Oʻzbekistonda OTMlarning global reyting roʻyxatidan oʻrin egallashiga koʻmaklashish boʻyicha hamkorlik loyihasini amalga oshirishga kelishib olinganini koʻrsatib oʻtish mumkin.
Taʼlim inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev THE vakillariga samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, “Butunjahon Taʼlim Sammit“ davomida orttirilgan tajriba va oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunlari boʻyicha yurtimizda oliy taʼlim sifatini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olinganini maʼlum qildi.
Shuningdek, inspeksiya boshligʻi milliy OTMlar reytingi Oʻzbekiston OTMlarining xalqaro reytinglarda oʻrin olish uchun koʻmaklashish maqsadida oʻtkazilayotganligini taʼkidlab oʻtdi. THE (Times Higher Education), QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universities) kabi nufuzli reyting agentliklari tajribasini oʻrgangan holda yoʻlga qoʻyilgan tizim oʻzining dastlabki ijobiy samaralarini bera boshlagani bir qator indikatorlar boʻyicha oʻsish koʻrsatkichlari qayd etilayotganini maʼlum qildi.
Uchrashuvda milliy OTMlarning global reytingdan oʻrin olishlari uchun zarur koʻrsatkichlar xususan, ilmiy izlanishlarning nufuzi, moliyaviy mustaqillik, xalqaro nashrlarda eʼlon qilingan maqolalar, xorijiy talabalar va professor-oʻqituvchilar salmogʻini oshirish hamda fan, taʼlim, ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash boʻyicha mavjud muammolarni bir-ikkita masʼul idoralar ishtiroki bilan amalga olib boʻlmasligi va buning uchun barcha mutasaddilar birdek masʼuliyat bilan yondashishi lozimligi, ayniqsa universitetlarning vasiylik kengashlarining roli alohida ahamiyatga ega ekanligi tilga olindi.
Ulugʻbek Tashkenbayev milliy reyting tizimida yuqori oʻrinlarni egallab turgan OTMlarda ham xalqaro reyting talablarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish uchun hamkorlikda strategiya ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqligini aytib oʻtdi. Ayniqsa xalqaro reytinglarda salmoqli ahamiyatga ega ilmiy faoliyatni toʻgʻri tashkil etilishini taʼminlash maqsadida, hukumat rahbarlari, Taʼlim inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, xalqaro tajribalarda kuzatilgani kabi Oʻzbekiston OTMlarining global reytinglardagi oʻrnini shakllantirishga asos boʻluvchi yangi “10/1000 Oʻzbekiston” loyihasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Times Higher Education xalqaro reyting agentligining Strategik yechimlar boʻyicha direktori Maykl Karuna iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inspeksiya tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va aniqlangan reyting Oʻzbekiston OTMlarining kelgusida xalqaro reytinglarda ishtirok etishida muhim rol oʻynashini aytib oʻtdi. Shuningdek, THE xalqaro tashkiloti Taʼlim inspeksiyasini qoʻllab-quvvatlashda davom etishi hamda ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuvda davomida THE reyting agentligi bilan maktablar, kasb-hunar kollejlari va OTMlar uchun Oʻzbekistonga xos reyting metodologiyasini ishlab chiqish boʻyicha shartnoma imzolash masalasi muhokama qilindi.
Xalqaro tashkilot vakillari bu turdagi shartnoma Yaponiya bilan ham amalga oshirilgani, unda davlatning imkoniyatlari va oʻziga xos talablaridan kelib chiqqan xolda moslashgan reyting metodologiyasi yaratilishini aytib oʻtishdi. Ushbu strategiya asosan 5 yillik boʻlib, unda OTMlarning 5 yillik faoliyati tahlil qilinadi. Mazkur oʻziga xos metodologiya asosida faoliyat olib borilishi natijasida hozirda THE tomonidan dunyo universitetlarining 2020-yilgi reytingida top 1000 roʻyxatidan Yaponiyaning 110 ta universiteti oʻrin egallagan.
Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining xalqaro darajadagi nufuzini oshirishga koʻmaklashish, milliy reyting tizimi metodologiyasini THE bilan hamkorlikda takomillashtirish boʻyicha shartnoma imzolash boʻyicha rejalar belgilab olindi.