25 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi....

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining kafolatini ta’minlash maqsadida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shartligi, ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi belgilangan.
Ushbu qonun talablarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksida tegishli jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan.
2019 yilning 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilishining qonuniyligi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan olib borilgan nazorat ishlari natijasida 2019 yil va 2020 yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlarida noqonuniy tekshirish o‘tkazgan 25 nafar nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzilib, sudlar tomonidan aybli deb topilgan.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi xodimlari tomonidan 2019 yilning noyabr-dekabr oylarida Nukus shahridagi “MT Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyatining litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilib, faoliyat yuritishi uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Natijada tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili devoniga murojaat qilgan. Vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida Transport vazirligi xodimlarining harakatlari noqonuniyligi aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirildi va sud tomonidan jarima jazosi qo‘llanildi.
Shu tariqa, tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi va qonuniy faoliyat yuritishi uchun amaliy yordam berildi.
A.KAMALOV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining
huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish bo‘yicha vakil devoni
yetakchi inspektori.
O‘zA