Oʻzbekiston – Litva parlamentlararo hamkorligi kengaymoqda

Litva Seymi spikerining oʻrinbosari Irena Shyaulene boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Delegatsiya aʼzolari 26-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari B.Alixonov bilan uchrashdi.Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiy sohalarni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalarning rolini yana-da kuchaytirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xorijiy davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni kuchaytirish ustida ish olib bormoqda. Xususan, parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyati bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston – Litva parlamentlararo hamkorligi ham tobora kengayib bormoqda. Suhbat avvalida mehmonlarga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar yuzasidan maʼlumot berildi. Qonunchilikdagi yangiliklar, sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlar xususida fikr almashildi. Oʻzbekiston parlamentiga oʻtgan yili boʻlib oʻtgan saylovlar, uning natijalari alohida eʼtirof etildi.

Ayni paytda Oʻzbekiston bilan Litva oʻrtasida 33 ta hujjat imzolangan boʻlib, ular ikki mamlakat aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo hamkorlik istiqbollari, savdo, investitsiya, sogʻliqni saqlash, innovatsiya va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.

Kelgusida parlamentlar hamkorligi boʻyicha guruhlar faoliyatini takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, 2013-yilda Litva Seymida tashkil etilgan Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Litva parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha guruh faoliyat olib bormoqda.

– Litva – Oʻzbekiston hamkorligi keyingi yillarda izchil rivojlanmoqda, – dedi Litva Seymi spikeri oʻrinbosari Irena Shyaulene. – Bu hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Uchrashuvda biz nafaqat qonun ijodkorligi boʻyicha, balki parlament qoʻmitalari bilan munosabatlarni yana-da mustahkamlash yuzasidan fikr almashdik. Shu oʻrinda taʼlim sohasidagi hamkorlik ham izchil yoʻlga qoʻyilayotganini qayd etish joiz. Delegatsiyamiz tashrif doirasida “Taʼlim va karyera” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etdi. Shuningdek, Litva va Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida memorandumlar imzolandi. Biz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ham oʻzaro aloqalarni kengaytirish niyatidamiz.

Delegatsiya aʼzolari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni yuqori baholab, Prezidentimizning barcha sohalarni qamrab olgan oqilona strategiyasini alohida eʼtirof etdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash masalalari xususida atroflicha soʻz yuritildi.

Litva delegatsiyasi, shuningdek, mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida boʻlib, ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.

 

N.NASRIYEV, OʻzA