Kechga qolgan o‘quvchidan 2000 so‘m, darsga kelmaganlardan 10 000 so‘m jarima puli undirilishi rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan “Kechga qolgan o‘quvchidan 2000 so‘m, darsga kelmaganlardan 10 000 so‘m jarima puli undirilishi yozilib, tarqatilgan videotasvir” bo‘yicha O‘zA muxbiri surishtiruv o‘tkazdi.
Voqea videotasvirda ta’kidlanganidek, Andijon shahridagi 1- umumta’lim maktabining 7-B sinfida yuz bergan. Lolaxon To‘ychieva rahbarlik qilayotgan mazkur umumta’lim maktabi viloyatdagi eng katta va nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Darslar to‘liq rus tilida olib boriladigan ushbu maktabda ayni kunda 3 ming 600 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi.
Nafaqat Andijondagi, balki mamlakatimiz umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya, ijtimoiy-ma’naviy muhit, korrupsiya holatlari bilan bog‘liq ko‘plab muammolar mavjudligi ko‘pchilik uchun sir emas. Biroq ahvolning shu darajaga yetishi, albatta, barchamizni jiddiy tashvishga soladi.
Aslida nima bo‘lgan edi, degan savol bilan maktab ma’muriyatiga murojaat qildik.
Timur MAHMUDJONOV,
maktab psixologi:
– Balog‘at yoshidagi o‘quvchilar bilan bog‘liq bunday holatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganligi, eng avvalo, ana shu o‘quvchilarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu tasvirni olishni tashkillashtirgan bloger mana shu jihatga, ya’ni yosh yigit-qizlarning butun mamlakatga ovoza bo‘lishi salbiy holatlarga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratishi lozim edi. Voqea xususida to‘xtatadigan bo‘lsak, albatta, bu kabi holatni oqlab bo‘lmaydi. Biroq u ancha bo‘rttirib ko‘rsatilgan, holatning asl mohiyatini bilib shundan keyingina ijtimoiy tarmoqda tarqatishi kerak edi.
Hayotxon MAHMUDOVA,
maktabning ona tili va adabiyoti
fani o‘qituvchisi, 7-B sinf rahbari
(voqeaning bevosita ishtirokchisi):
– Qariyb 32 yildan buyon o‘qituvchilik qilaman. O‘quvchilar bilan ishlash oson emasligini, ayniqsa, o‘qituvchilar yaxshi biladi. Faoliyatim davomida yoshlarga puxta bilim berishga, odobli bo‘lib kamol topishlariga harakat qilib keldim. Ming afsuski, yaxshi niyatda qilgan ishimiz noto‘g‘ri talqin etilib, shuncha yillik faoliyatimga qora dog‘ bo‘lib qolmoqda.
Ushbu sinf o‘quvchilarining avval bir necha marta darsdan ketib qolish, darsga kirmaslik holatlari bo‘lgan. Bu haqda maktab rahbariyatiga, ota-onalar yig‘ilishlarida ota-onalarga aytganman, zarur tarbiyaviy-tushuntirish ishlari olib borganman.
O‘quvchilarning darsdan qolmasligi, davomat doimiy yuqori bo‘lishini ta’minlash maqsadida ota-onalar bilan kelishgan holda haqiqatdan ham “jarima” tartibini joriy etganmiz.
Ota-onalar bilan jamg‘arilgan pullar sinfimiz tomonidan o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, muzey va boshqa joylarga ekskursiyalarga borishga sarflanishiga yoki ota-onalarga qaytarib berilishiga kelishib olgan edik. Asosiy maqsad esa, o‘quvchilarning darslarga kechikmasdan, progulsiz kelishiga erishishdan iborat edi.
Hamidaxon BAHROMOVA,
7-B sinf o‘quvchisi onasi:
– Jarima tariqasida pul yig‘ish tartibining joriy etilganidan shaxsan men xabardorman va bu taklifni qo‘llab-quvvatlaganman. Bu farzandlarimizning faqat ijobiy tomonga o‘zgartiradi, deb hisoblayman.
Meni bu holatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganligi ko‘proq tashvishga soladi. Chunki yosh o‘quvchilarning salbiy holatdagi ko‘rinishi ularning tengdoshlari oldida noqulay ahvolga soldi, uyatga qo‘ydi. Buni farzandimning yurish-turishidan, gap-so‘zlaridan ko‘rib-bilib turibman. Videotasvirni tarqatgan muxbir bolalarimizni ana shunday holatga tushirishga haqqi yo‘q edi.
Voqea xususida yuqoridagi kabi turli-tuman fikrlar aytildi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi esa ushbu voqeaga quyidagi rasmiy munosabatni bildirdi.
“Joriy yilning 25 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali “Kechga qolgan o‘quvchidan 2000 so‘m, darsga kelmaganlardan 10 000 so‘m jarima puli undirilar ekan” mazmunda berilgan maqola yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Andijon shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabidagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining nazorat-huquqiy xizmati hamda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha tasvirdagi holat yuzasidan umumta’lim maktabining o‘qituvchisi, 7 “B” sinf rahbari Hayotxon Mahmudovaga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rildi. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi
Matbuot xizmati”
O‘rganishlardan so‘ng Hayotxon Mahmudova ishdan bo‘shatilibdi.
Maktab psixologi, o‘qituvchilari bilan suhbatda ayrim o‘quvchilarning darslarga kirmasliklari, internet kafelarda vaqt o‘tkazishlari haqida gaplar aytildi. Maktabda ta’lim-tarbiya ishlari zarur darajada olib borilayotgan bo‘lsa, nima uchun bunday holatlar yuz bermoqda? Balki bu boradagi ishlarni kuchaytirish kerakdir, degan savollarga maktab ma’muriyati, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari javob izlashga harakat qilishar?!
So‘z yuritganimiz videotasvirdagi voqea haqiqatdan ham barchamizni jiddiy tashvishga soladi. Bunday holatga aslo yo‘l qo‘yilmasligi kerak edi. Biroq ana shu holat nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi, kim haq, kim nohaq ekanligiga xalq ta’limi mutasaddilari, huquq-tartibot idoralari tegishli xulosa chiqarib, zarur choralar ko‘radi, deb umid qilamiz.

 

F. UBAYDULLAEV, O‘zA