Xorazm viloyatida o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakat hukumat rahbarlari ishtirokidagi hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik, ta’lim sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, hududlararo va chegaraviy hamkorlik, bojxona, energetika, suvdan foydalanish, kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Transport-tranzit yo‘nalishida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida idoralararo, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumlari, Protokol, Bitim, shuningdek mavjud kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi ko‘rinishidagi 15 dan ziyod hujjat qabul qilindi.
Muzokaralar natijasida O‘zbekistondan Iqtisodiyot va sanoat, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zavtosanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hokimliklari, Qozog‘istondan Savdo va integratsiya, Milliy iqtisodiyot vazirliklari, Mangistau, Qizil O‘rda, Oqto‘be, Kustanay, Turkiston viloyatlari, Chimkent shahri hokimiyatlari vakillari tomonidan hamkorlik to‘g‘risidagi tegishli hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida II hududlararo hamkorlik forumining yakuniy deklaratsiyasini imzoladilar.
G‘ayrat XONNAZAROV, A’loxon ABDULLAEV (surat), O‘zA