Nukusda Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari respublika koʻrik tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari – Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri S.Turmanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik A.Temirxanov va boshqalar taʼkidlaganidek, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, shaxs, oila, jamiyat va davlatning huquqiy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqbuzarlikning oldini olish, diniy ekstremizmga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda ichki ishlar organlari bilan xalqning birligini taʼminlash, keng jamoatchilik bilan hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ichki ishlar organlari tayanch punktlari va profilaktika inspektorlarining oʻrni ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu tizim faoliyatini yana-da takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan Ichki ishlar organlarining namunali tayanch punktlari respublika koʻrik tanlovi muhim ahamiyatga ega. Tantanali marosimda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ibrat boʻlayotgan, hamkorlikdagi ishlarni talab darajasida olib borayotgan Nukus shahri “Sarbinoz” mahalla fuqarolar yigʻini hududiga xizmat koʻrsatuvchi 5-ichki ishlar organlarining tayanch punkti birinchi oʻrinni egallab, Oʻzbekiston Respublikasi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Ikkinchi oʻrin Beruniy tumani “Biybozor” ovul fuqarolar yigʻini hududiga xizmat koʻrsatuvchi 51- ichki ishlar organlarining tayanch punktiga, uchinchi oʻrin Xoʻjayli tumani “Samankoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududiga xizmat koʻrsatuvchi 150-ichki ishlar organlarining tayanch punktiga nasib etdi.
Shuningdek, “Eng fidoyi sektor rahbari”, “Ichki ishlar organlari boshliqlarining eng faol yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari”, “Ibratli xotin-qizlar qoʻmitasi raisi”, “Eng fidoyi mahalla raisi”, “Eng faol profilaktika inspektori”, “Adolatli yarashtirish komissiyasi”, “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha faol mutaxassis”, “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “Eng faol xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor”, “Profilaktika inspektorining eng faol yordamchisi” singari nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, tashkilotchilarning sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilariga sanʼat ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA