Ayrim mansabdor shaxslarning beparvoligi tufayli yoshlar oʻrtasida ajrimlar, jinoyatchilik koʻpaymoqda...

Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining ikkinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, huquqni muhofaza qilish idoralari va sektorlar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov boshqarib bordi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari oʻtgan yili avgust oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarga alohida eʼtibor qaratgan edi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbus hamda ishlab chiqilgan “Yoʻl xarita”lari yoshlarimiz hayotida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 million 80 mingdan ziyod yosh bor. Yoshlarga barcha sohalarda keng imkoniyatlar yaratish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridandir.
Bu borada 2019-yil katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarida 3 ming 400 nafarga yaqin yoshlar ishli boʻldi. Ular oʻrtasida tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirildi. “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi asosida 168 biznes loyiha uchun 68 milliard soʻmdan ziyod kredit ajratildi, 500 ga yaqin ish oʻrni yaratildi.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida 500 nafardan ziyod yosh uchun 14 milliard soʻmlik kredit ajratildi. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 270 nafarga yaqin yosh tadbirkorga yer maydoni va foydalanilmay boʻsh turgan obyekt ajratib berildi.
Beruniy, Qonlikoʻl va Moʻynoq tumanlarida “Yoshlar markaz”lari qurildi. Bundan tashqari, shahar va tumanlarda 22 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi qurilayotgan boʻlsa, shu kungacha Xoʻjayli, Ellikqalʼa, Beruniy va Moʻynoq tumanlarida ana shunday majmualar foydalanishga topshirildi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar uchun Nukus shahri va Xoʻjayli tumanida “Yosh tadbirkor” kovorking markazlarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimiz 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda 2020-yil Yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻlishini taʼkidladi va bu borada muhim vazifalarni belgilab berdi. Bu boʻyicha “Yoshlar siyosatida Qoraqalpogʻiston tajribasi” ishlab chiqilib, samarali amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, yoshlarga bu yil qoʻshimcha 20 ming gektardan ortiq yer maydoni ajratib berish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Moʻynoq tumanida yoshlarga hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga 6 ming gektar yer maydoni ajratib berilib, bu yer maydonlariga oqar suv yetkazib berish va meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda. Shuningdek, oʻtgan dekabr-fevral oylarida 200 nafardan ziyod yoshga 5 ming gektardan ortiq yer maydoni ajratib berildi. Bugungi kunda 739 fermer xoʻjaligini yoshlarimiz boshqarib kelmoqda.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2020-yilda yoshlarning bandligiga koʻmaklashish, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, tadbirkorlik, fermerlik, hunarmandchilikka jalb etish va yoshlar migratsiyasini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, “Yoshlar – kelajagimiz” va “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturlari asosida 1000 dan ziyod yoshga jami 87 milliard soʻmlik kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Yana bir muhim jihat – har bir sektor hamda soha rahbarlari kamida 20 nafar yoshni otaliqqa olishi belgilanmoqda. Bunda har bir rahbar otaliqqa olgan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishi, fermerlikka oʻrgatishi, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali yoshlarning bandligini taʼminlashi, ularning oʻz daromadiga, shaxsiy mulkiga, hatto, avtomashinasiga ega boʻlishiga erishishi lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida Moʻynoq va Boʻzatov tumanlarida yoshlarni tikuvchilik, traktor va maxsus texnikalarni boshqarish kurslariga jalb etish, tomorqa yer xoʻjaligi, issiqxona va parniklarda mahsulot yetishtirish hamda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarga yoshlarni keng qamrab olish, “Yoshlar qurilish otryad”larini, qurilish, ekologiya va salomatlik masalalari boʻyicha volontyorlik guruhlarini tashkil etish, “Har bir yoshga 20 tup koʻchat” shiori ostida manzarali va mevali koʻchatlarni oʻtqazish singari vazifalar belgilab olindi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Orol dengizi atrofida ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida dengiz tubida joriy yilgi mavsumda 626 ming gektardan ziyod maydonga saksovul, qandim, qorabaraq va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklar ekiladi. Bu ishlarda bugungi kunda 1500 nafardan ziyod ishchi va mexanizator, 850 ta texnika, 4 kichik samolyot safarbar etilgan. Bunda yoshlar ham faol qatnashayotir.
Sessiyada bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berish boʻyicha tegishli soha rahbarlariga, hokimlarga aniq vazifalar belgilab berilganligi, lekin ayrim mansabdor shaxslarning beparvoligi tufayli yoshlar oʻrtasida ajrimlar, jinoyatchilik, tashqi taʼsirlarga tushib qolish holatlari uchrayotganligi tanqid qilindi. Bunday holatlarni bartaraf etishda yoshlar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish, ularning bandligini taʼminlash masalasi muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
Kun tartibidagi asosiy masala, yaʼni yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, tadbirkorlik, fermerlik va hunarmandchilikni rivojlantirish, yoshlar migratsiyasi boʻyicha sektor rahbarlarining axboroti tinglandi va tegishli qaror qabul qilindi.
Qaror asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2020-yilda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlab chiqilgan maxsus “Yoʻl xarita”si va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tarkibi, yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha Manzilli reja hamda bu chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish boʻyicha monitoring guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Sessiyada boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi A.Saʼdullayev ishtirok etdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA