Talabalarga stipendiyadagi tafovut to‘lab beriladi

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida 2019 yil 1 sentyabrdan 2020 yil 1 fevralga qadar oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming so‘m) to‘langan. 
Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” baholar bo‘lgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoridan qo‘shimcha 15 foiz miqdorda to‘langan.
Davlat granti asosida ta’lim olayotgan va “a’lo” (reyting ko‘rsatkichi –86 ball va undan yuqori) hamda “yaxshi” (reyting ko‘rsatkichi – 71 ball va undan yuqori) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan talabalarga 2019 yil 1 sentyabrdan 2020 yil 1 fevralga qadar haqiqatda to‘langan hamda Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 17 avgustdagi 344-son qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorlar orasidagi tafovut to‘lab beriladi.
Talabalarga to‘lanadigan stipendiyaning tafovut summasi tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga 2020 yil uchun ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi.

 

O‘zA