Qonlikoʻlda faol yoshlar qoʻllab-quvvatlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan Qonlikoʻl tumanida yoshlar ishtirokida turli mavzudagi tadbirlar tashkil etildi.

Dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Yerniyazov tuman yoshlari va tadbirkorlari bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yilning 27-dekabrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvda taʼkidlaganidek, 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi. Ushbu uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan har bir rahbarga yoshlarning muammolarini oʻrganish va tegishli choralar koʻrishi yuzasidan vazifasi yuklangan edi. Bugungi kunda joylarda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

photo5314751386187050217.jpg

Yoshlarimiz turli sohalarda oʻz faolligini namoyon qilmoqda. Ayniqsa, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi Oʻzbekistonni albatta yoshlar bilan quramiz” shiorini qoʻllab-quvvatlagan Orolboʻyi bugungi kunning asosiy muammosi boʻlgan Orol dengizining qurigan tubida “Yoshlar oʻrmonzorligi”ni barpo etish ishlarida jonbozlik koʻrsatishmoqda.

Yoshlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasidan boshlangan yangi tashabbusimizni butun mamlakatimiz boʻyicha amalga oshiramiz. Men viloyat rahbarlarini, joylardagi barcha jamoatchilikni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor berishga chaqiraman,-degan edi Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida.

Uchrashuvda yoshlarning muammolari tinglandi va ularning aksariyati shu yerning oʻzida hal etildi. Ayrimlari oʻrganib chiqish uchun tegishli soha rahbarlariga topshirildi.

photo5314411735878316014.jpg

– Bugungi uchrashuvda tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 21-umumtaʼlim maktabi qoshida boʻsh turgan imoratni “nol” qiymatda olib, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexini ochish boʻyicha taklifimni bildirdim, – deydi tumandagi “ Aralboyev Muratboy” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Muratboy Aralbayev. – Bu taklif tuman hokimligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi rahbarlari tomonidan oʻrganilib, yordam beriladigan boʻldi.

Uchrashuv soʻngida bir guruh yoshlarga sovgʻalar topshirildi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning ikkinchisi bu yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishdir. Shu munosabat bilan tuman markazida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida marafon oʻtkazildi. Unda oʻquv oʻrinlari, mehnat jamoalari, mahalla va ovul fuqarolar yigʻinlaridan yoshlar ishtirok etdi.

photo5314411735878316015.jpg

Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori asosida qator ishlar olib borilmoqda. Zero, kitobxonlik yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyatini, ongu shuuri va dunyoqarashini kengaytirish, ona vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda alohida ahamiyatga ega.

Tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 18-umumtaʼlim maktabida “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakatimiz bosqichi gʻolibi, Prezidentimiz sovgʻasi “ Spark” avtomashinasi sohibasi Nursuluv Qoʻqonova bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarning kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini oshirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtiborga toʻxtalindi. Oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Uchrashuvdan soʻng maktab jamoasiga tashkilotchilar tomonidan kitoblar tuhfa etildi.

Yoshlar markazida tuman faol yoshlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda 2019-yilning 27-dekabrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabida yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar, shuningdek Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati boʻyicha keng tushuncha berildi.

photo5314411735878316016.jpg

Yaqindagina foydalanishga topshirilgan Madaniyat markazida taniqli sanʼat ustalari bilan boʻlgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirdi. “Mening sevgan qahramonim” mavzusidagi tashkil etilgan uchrashuvda mehmonlar oʻz ijodlari toʻgʻrisida aytib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Tumanda “Yoshlar bogʻi” ni barpo etish uchun 10 gektar yer maydoni ajratildi. Shu kuni yaxshi niyatlar bilan dastlabki meva daraxti koʻchatlari oʻtqazildi. Kelgusida bu yer yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazadigan serfayz maskanga aylanadi.

Oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan “Jayhun” oʻyingohida futbol boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Unda Qonlikoʻl, Shumanay, Qoʻngʻirot va Xoʻjayli tumanlarining yosh futbolchilari ishtirok etdi. Mazkur musobaqada maydon egalari gʻalabaga erishdi. Tadbir yakunida tumandagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga Prezidentimizning sovgʻasi – sport jihozlari topshirildi.

photo5314751386187050216.jpg

Kunning ikkinchi yarmida tuman yoshlarining “Kanteks invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga sayohati uyushtirildi. Bu yerda taniqli tadbirkorlari tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.

Kun davomida oʻtkazilgan turli mavzudagi tadbirlar unutilmas lahzalarga boy boʻlib, tuman yoshlarining yangi tashabbuslariga zamin yaratadi.

photo5314751386187050218.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA