Prezident Vakillar palatasida uchrashuv o‘tkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi uchinchi kuni ushbu mamlakat parlamentining quyi palatasida uchrashuvdan boshlandi.

Davlatimiz rahbari Vakillar palatasi raisi Tadamori Osima bilan Oʻzbekiston-Yaponiya parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi faol ishlayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kunchiqar mamlakatning parlamentarizm sohasidagi tajribasini oʻrganish boʻyicha qoʻshma tadbirlar oʻtkazish va oʻzaro almashinuvlarni kengaytirishga kelishib olindi.

Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya parlamenti quyi palatasi spikeriga yurtimizda ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan Yaponiya Konstitutsiyasining birinchi nusxasini sovgʻa qildi.

Shavkat Mirziyoyev Vakillar palatasi majlislari oʻtadigan asosiy zal bilan ham tanishdi.

 

O’zA