Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nagoya universitetidagi uchrashuvdagi nutqi

Muhtaram Matsuo janoblari!
Hurmatli professorlar va talabalar, universitet jamoasi!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, Nagoya universiteti prezidentining samimiy dil soʻzlari va ezgu tilaklari uchun chin qalbimdan tashakkur izhor etaman.
Oʻylaymanki, mening Prezident sifatida mamlakatingizga ilk tashrifim haqida bildirilgan fikrlar, mana shunday eʼtibor, bir-birimizga hurmat, iliq munosabat haqiqatan ham Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, kelgusida katta natijalarga erishish yoʻlida ishonchli zamin yaratadi.
Biz Nagoya universitetini dunyodagi eng nufuzli ilm-fan va taʼlim maskanlaridan biri sifatida eʼtirof etamiz.
Nobel mukofoti sovrindorlari Ryoji Noyori, Osamu Simomura, Makoto Kobayasi, Tosixide Maskava, Isamu Akasaki, Xirosi Amano va boshqa mashhur olimlarni yetishtirib bergan ushbu universitetning faxriy doktori degan yuksak sharafga munosib koʻrilganimdan gʻoyatda xursandman.
Bu unvonni men avvalo Oʻzbekiston xalqiga koʻrsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Men Nagoya universitetining faxriy doktori sifatida Oʻzbekistonda uning ulkan ilmiy salohiyati va yutuqlarini keng targʻib va tashviq qilishga, taʼbir joiz boʻlsa, ushbu universitetning ishonchli vakili sifatida ish olib borishga harakat qilaman.
Butun jahonga mashhur Nagoya shahri haqida xalq orasida shunday ibora bor ekan: “Nagoya qalʼasi boʻlmaganida Nagoya shahri ham boʻlmas edi”. Men bunga qoʻshimcha qilib: “Nagoya universitetisiz Nagoya shahrini ham tasavvur etib boʻlmaydi”, degan boʻlardim.
Maʼlumki, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar koʻp asrlik tarixga ega. Yaponiyaning mashhur Nara shahri muzeyida soʻgʻd yozuvida bitilgan yodgorliklar borligi buni yaqqol tasdiqlaydi.
Yapon arxeologi, marhum professor Kato tomonidan Kushon podshohligining dastlabki poytaxti boʻlgan Oʻzbekistondagi Dalvarzintepadan topilgan budda ibodatxonasi va qirqqa yaqin haykallar yapon va jahon ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotib kelmoqda.
Shu oʻrinda oʻzbek va yapon xalqlarini oʻxshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini eʼtirof etmoqchiman.
Bizning ulugʻ bobolarimiz – algebra fani va “Algoritm” tushunchasining asoschisi Al-Xorazmiy, Yerning aylanasi uzunligi va radiusini ilk bor hisoblab chiqqan Al-Beruniy, tarixda Avitsenna nomi bilan mashhur boʻlgan, jahon tibbiyot fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Ibn Sino, noyob rasadxona va 1018 ta yulduzning joylashuvi aniq aks ettirilgan astronomik jadval yaratgan Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk oʻzbek olimlarining ilmiy merosini, oʻylaymanki, sizlar yaxshi bilasizlar.
Qadrli doʻstlar!
Biz Oʻzbekistonda bundan uch yil avval milliy taraqqiyotimizning yangi Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Jamiyat hayotida har tomonlama ochiqlik va erkinlikni taʼminlash, mamlakatni modernizatsiya qilishga asoslangan ushbu Strategiya doirasida besh ustuvor yoʻnalishda izchil islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu jarayonda eng rivojlangan davlatlarning, xususan, ilgʻor yapon tajribasidan unumli foydalanishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Chunki Yaponiya bizning vaqt sinovidan oʻtgan, oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sherigimizdir.
Biz ushbu tashrifni oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorligimiz tarixida boshlanayotgan mutlaqo yangi davrning oʻziga xos ifodasi deb bilamiz.
Yaponiya Oʻzbekistonni xalqaro maydonda doimiy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ayni paytda iqtisodiyotimizni rivojlantirish, ustuvor ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmaklashmoqda.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng 5 mingdan ziyod yoshlarimiz Yaponiya universitetlarini tamomlab, oʻz bilim va tajribalarini Vatanimiz ravnaqi uchun safarbar etayotgani alohida eʼtiborga loyiq.
Men koʻp yillar oliy taʼlim tizimida ishlagan inson sifatida bu sohaning sharafli, shu bilan birga naqadar mashaqqatli va masʼuliyatli ekanini yaxshi bilaman.
Biz bugun uchrashib turgan Nagoya universiteti bilan Oʻzbekistonning hamkorligi 20 yildan ziyod tarixga ega. Sizning universitetingiz 2010-yilda Toshkent shahrida oʻz vakolatxonasini ochganini biz yuksak baholaymiz. Hozirga qadar mazkur dargohda 400 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchilar tahsil olgani ayniqsa quvonarlidir.
Bugungi uchrashuvimizda Yaponiyada oʻqiyotgan koʻplab yoshlarimizni koʻrib turganimdan xursandman. Sizlar oʻz isteʼdod va salohiyatingizni namoyon etishingiz uchun Oʻzbekistonda barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib beramiz. Men hozir sizlarni koʻrib, yuzingizdagi, chehrangizdagi oʻzingizga boʻlgan ishonchingizni his qilib xursand boʻlib oʻtiribman. Sizlarga qarab, barchangiz chindan ham jonajon Vatanimizga munosib oʻgʻil-qizlar boʻlishingizga ishonch hosil qildim. Eng katta vazifangiz – vaqtingizni bekor oʻtkazmasdan, aʼlo oʻqish, yuqori texnologiyalarni chuqur egallash, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qoʻshishdan iboratdir. Shu yoʻlda barchangizga yangi yutuq, baxt va omadlar tilayman.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Globallashuv davrida jahonning koʻpgina taraqqiy etgan davlatlari “axborot jamiyati”, “bilimlar iqtisodiyoti”, “raqamli iqtisodiyot” yoʻlini tanlaganiga guvohmiz.
Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovatsion gʻoyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilmoqda.
Bundan yarim asr muqaddam puxta oʻylangan, taraqqiyotning ilm-fanga asoslangan “yapon modeli” tufayli mamlakatingiz bugun barcha sohalarda yetakchi davlatlardan biriga aylandi.
Yaponiya fani sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, robototexnika, kosmik tadqiqotlar, yadroviy tibbiyot, “yashil energetika” yoʻnalishlaridagi ilmiy izlanishlar borasida olamshumul yutuqlarga erishmoqda. Xususan, mamlakatingizdan 28 nafar Nobel mukofoti sovrindori yetishib chiqqani ham bu fikrning yorqin isbotidir.
Hurmatli doʻstlar!
Biz zamonaviy taraqqiyotning kaliti aynan ilm-fan va taʼlimda ekanini chuqur anglab, inson kapitaliga investitsiya kiritishni davlat siyosati darajasiga koʻtardik.
Oʻtgan yili Oʻzbekistonni innovatsion rivojlantirish Strategiyasini qabul qildik. Biz innovatsiyalar sohasidagi ilgʻor mamlakatlar qatoridan oʻrin egallashni oʻz oldimizga vazifa qilib qoʻydik.
Bugungi kunda 33 millionli yurtimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Kreativ fikrlaydigan, fanning muayyan sohasida chuqur bilimga ega, yuqori intellektual salohiyatli mutaxassislar tayyorlash ustuvor maqsadimiz hisoblanadi.
Bunga erishish uchun oxirgi uch yilda 36 ta yangi oliy oʻquv yurtlari tashkil etilib, institut va universitetlarimiz soni 116 taga yetkazildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur va boshqa davlatlar yetakchi oliy oʻquv yurtlarining 22 ta filiali faoliyat koʻrsatmoqda.
Davlat koʻmagida jahonning ilgʻor ilmiy va taʼlim markazlarida yetuk mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish tizimli asosda yoʻlga qoʻyildi. Bu jarayonlarga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JAYKA) faoliyatini minnatdorlik bilan eʼtirof etishni istar edim.
Yaponiya hukumatining tashabbusi – “Global-30” dasturi boʻyicha Nagoya universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun masʼul etib belgilangani gʻoyatda samarali boʻlmoqda.
Biz Nagoya universitetining prezidenti, hurmatli Matsuo janoblarining yurtimizga bir necha marta tashrif buyurib, ilmiy hamkorligimizni rivojlantirish borasida qilayotgan katta xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayniqsa, u kishining oʻtgan yili Nobel mukofoti sovrindori, professor Noyori janoblari bilan birgalikda Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim voqea boʻldi.
Xabaringiz bor, Nagoya universitetining muhtaram prezidenti Matsuo janoblarining Oʻzbekiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotganini eʼtiborga olib, yaqinda Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy kengashi u kishini ushbu universitetning faxriy rektori etib sayladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Yaponiyaning “Kadrlar tayyorlash” dasturi doirasida mamlakatimizning 300 dan ziyod yoshlari yurtingizda magistrlik va doktorlik ilmiy darajalarini olishga erishdilar. Oʻzbekiston – Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi orqali ham oʻnlab yigit-qizlarimiz yapon universitetlarida malaka oshirmoqdalar.
Muhtaram doʻstlar!
Albatta, Oʻzbekiston va Yaponiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlarimiz eʼtirofga sazovor. Ayni vaqtda hali bu borada ishga solinmagan imkoniyatlarimiz ham borligini taʼkidlash lozim. Shu munosabat bilan ayrim takliflarni bildirishga ijozat etgaysiz.
Birinchidan, Nagoya universitetining tashabbusi bilan muntazam oʻtkazib kelinayotgan Yaponiya – Oʻzbekiston universitetlari rektorlari anʼanaviy konferensiyasi ilmiy hayotimizda katta rol oʻynamoqda. Biz ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi boʻyicha Oʻzbek-Yapon qoʻshma fondini tashkil etishni taklif etamiz.
Mazkur fond oʻzaro ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashuvi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu fond faoliyati Oʻzbekistonda ayni shunday yoʻnalishda ish olib borayotgan “El-yurt umidi” fondining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Dastlabki qadamlar sifatida biz har yili Nagoya universitetining 15 nafar professor-oʻqituvchisini Oʻzbekistonda aziz mehmonlar sifatida qabul qilishga tayyor ekanimizni bildiraman.
Ular oʻz fan yoʻnalishlari boʻyicha mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida maʼruzalar oʻqib, amaliy mashgʻulotlar, mahorat darslari oʻtkazib bersalar, biz nihoyatda minnatdor boʻlardik. Ayni vaqtda ana shunday almashuvlar dasturi asosida har yili mamlakatingizning 50 nafar talaba-yoshlarini 15 kun davomida Oʻzbekistonning tegishli oliy oʻquv yurtlarida kutib olishga tayyormiz. Oʻylaymanki, mana shu 50 nafar talabaning 50-60 foizi Nagoya universiteti talabalari boʻlsa, ayni muddao boʻlar edi.
Ishonchim komil, bunday loyihalar ikki tomonlama munosabatlarni yuqori bosqichga koʻtarishga katta hissa qoʻshadi. Nega deganda, yoshlarimiz oʻrtasidagi aloqalar mustahkam boʻlsa, doʻstlik va hamkorligimiz albatta samarali va bardavom boʻladi.
Ikkinchidan, Nagoya universiteti va Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida mamlakatimiz Fanlar akademiyasi qoshida nanotexnologiyalar asosida yangi materiallar yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni taklif etaman.
Uchinchidan, oʻzbek-yapon arxeologlari bilan birgalikda yurtimiz hududida joylashgan buddaviylik tarixi va madaniyatiga oid arxeologik yodgorliklarni ilmiy oʻrganish ishlarini davom ettirishimiz zarur. Biz bu borada yaponiyalik doʻstlarimiz bilan birga, Termiz davlat universiteti qoshida Oʻzbek-Yapon ilmiy markazini tashkil etishdan manfaatdormiz.
Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!
Biz yaqinda Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha maslahatchi-vakil lavozimini joriy etdik. Nega desangiz, men bu uchrashuvdan oldin hurmatli prezident Matsuo boshchiligidagi butun ilmiy jamoa, Nobel mukofoti laureatlari, prorektorlar, professorlar bilan koʻrishganimda koʻp-koʻp masalalarni kelishib oldik. Mana shu masalalarni amalga oshirish boʻyicha bizning maslahatchi-vakilimiz Nagoya universiteti bilan bevosita shugʻullanadi. Aytish mumkinki, u Oʻzbekiston Prezidentining Nagoya universitetidagi ishonchli vakili boʻladi.
Vaqt oʻtadi, bugungi tarixiy uchrashuvimiz natijalari ikki oliy oʻquv yurti – Nagoya universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasidagi aloqalarga, eng asosiysi, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlarimizga katta ijobiy taʼsirini koʻrsatadi, deb ishonaman.
Muhtaram doʻstlar!
Oʻzbek xalqi Yaponiyaning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga katta hurmat va qiziqish bilan qaraydi. Buning amaliy tasdigʻi sifatida yaqinda mamlakatimizda “Yaponiya konstitutsiyasi”, “Yapon sheʼriyati guldastasi”, “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya toʻplamlarida”, “Oʻzbekiston yaponiyalik qalbida” kabi bir qancha kitob va albomlar oʻzbek va yapon tillarida chop etildi.
Ijozatingiz bilan, ushbu nashrlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etmoqchiman. Oʻylaymanki, mana shu kitoblar sizning kutubxonangizdan joy olib, hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi hamkorligimiz, bugungi bildirilgan fikrlar, katta-katta takliflarning natijasi sifatida ikki-uch yildan keyin tarjima qiladigan kitoblarimiz yanada koʻpayadi, deb istak bildiraman.
Men boya uchrashuv paytida hurmatli Matsuo janoblariga aytdim: “Endi sizning jamoangiz faqat Nagoyada emas, balki Toshkentda ham katta ilmiy jamoa hisoblanadi, oʻzbek olimlari, talabalari sizni rektor sifatida kutadi”, deb u kishini Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildim.
Muhtaram prezident Matsuo janoblari!
Hurmatli universitet ilmiy jamoasi!
Soʻzimning yakunida menga va xalqimizga koʻrsatgan yuksak hurmat va ehtiromingiz uchun oʻz nomimdan, delegatsiyamiz nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildirib, barchangizni Oʻzbekistonga taklif etaman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

OʻzА