Davlatimiz rahbari – Nagoya universitetining faxriy doktori

Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi hamda ilm-fan va akademik almashinuvlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlagani uchun, shuningdek, Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi islohotlar eʼtirofi sifatida Nagoya universitetining ilmiy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga universitet faxriy doktori unvonini berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Universitetda uning rahbariyati, professor va oʻqituvchilari, talabalari hamda Nobel mukofoti sovrindorlari ishtirokida davlatimiz rahbariga ushbu yuksak ilmiy unvonni topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Marosimda Nagoya universiteti prezidenti Seyichi Matsuo soʻzga chiqib, Oʻzbekiston rahbari ikki mamlakat oʻrtasida ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotgani, ushbu qaror taʼlim sohasidagi uzoq muddatli va istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirishga tomonlarning intilishi ifodasi ekanini taʼkidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida oʻzbek va yapon xalqlarini oʻxshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini taʼkidladi. Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovatsion gʻoyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilayotganini qayd etdi.

– Bu unvonni, men avvalo Oʻzbekiston xalqiga koʻrsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya Universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Oʻzbekiston taʼlim va fan sohalaridagi keng miqyosli islohotlar haqida soʻzladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligida ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etib, ayni vaqtda bu borada ishga solinmagan imkoniyatlar ham borligini taʼkidladi hamda qator takliflarni ilgari surdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi boʻyicha Oʻzbekiston-Yaponiya qoʻshma fondini tashkil qilishni taklif etdi.

Ushbu fond ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talaba va professor-oʻqituvchilar almashuvi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston – Yaponiya azaliy doʻstligining ramzi sifatida mamlakatimizda oʻzbek va yapon tillarida chop etilgan bir qancha kitob va albomlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etdi.

 

O’zA