Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq

“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan tabrikladi.

Har bir davlat oʻz taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi oʻz ifodasini topgan. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Shu bois Konstitutsiyamizni ardoqlaymiz, ulugʻlaymiz, oʻrganamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun oʻz nutqida qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishlab chiqayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shartligini alohida aytib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq.

Qonuniylikni qaror toptirish, qonun buzilishiga qarshi kurashish borasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari “uygʻongani” qayd etildi. Masalan, Davlat byudjeti muhokamasi paytida fuqarolar va deputatlar fikri asosida maktablar uchun 50 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilgani yoki odamlarning haqli eʼtirozi tufayli daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy eʼlon qilingani ijobiy baholandi. Bular aholining ijtimoiy jarayonlarga nisbatan masʼuliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini koʻrsatadi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish, bu boradagi koʻnikmalarni farzandlar tarbiyasiga bolalikdan singdirish kerakligini taʼkidladi.

– Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini toʻliq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmogʻi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh qomusimizda belgilangan insonparvar tamoyillar toʻla amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda Prezidentimizning jinoyat sodir etganlarni afv etish boʻyicha 8 ta farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni oʻtash joylaridan ozod qilindi.

Ushbu bayram arafasida Oʻzbekiston rahbari yana bir shunday farmonga imzo chekdi. Unga binoan, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 92 nafar mahkum afv etildi.

Bu yil Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani ham insonparvar siyosatning amaliy namunasi boʻldi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlash tartibi birinchi marta yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik amaliyotlari doirasida qurolli mojarolar maydonidan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib kelindi.

Oʻtgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, bu yilda 5 ming 868 nafar shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Sudlarning mustaqilligini mustahkamlash, tergov-surishtiruv jarayonida oʻzaro tiyib turish tamoyillarini taʼminlash, advokatura institutini takomillashtirishga oid dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Bayram tantanasiga yigʻilganlar qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, Mustaqilligimiz qoʻshigʻiga joʻr boʻldi.

Bayram tadbirida davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va sanʼat namoyandalari, xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantana katta konsert dasturi bilan davom etdi.

 

OʻzА