O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazida Talabalar uchun Milliy axborot-ilmiy markazini tashkil etish bo‘yicha yangi loyihasi yuzasidan haftalik ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Ushbu markaz konsepsiyasini ishlab chiqish va tashkil etish uchun Toshkentdagi Britaniya Kengashi taklifiga binoan tashrif buyurgan London Metropolitan universiteti Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Kristofer Leyn loyiha ishchi guruhi bilan birgalikda talabalar uchun eng yaxshi jahon va milliy amaliyot markazlari tajribasini o‘rganib ish olib bordi.
Talabalar uchun tashkil etiladigan bu markaz mamlakatimiz yoshlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ko‘zda tutilgan. Markaz dasturini professional darajada tuzish, uning arxitektura qiyofasi ham zamonaviy va yangicha ko‘rinishda bo‘lishi uchun turli tashkilot va muassasalardan mutaxassislar, xususan, universitetlar rektorlari, prorektorlar, kafedra mudirlari, sotsiolog, psixolog, AKT mutaxassislari, kutubxonachi va talabalar jalb qilingan.