Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston” temir yo‘l chegara bojxona postida navbatdagi bojxona qoidabuzarligini aniqladi.
Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi B.Mamarimov nomiga Xitoydan jo‘natilgan ikkita yuk konteynerida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra aslida salkam 50 tonnadan ortiq qurilish mollari va avto ehtiyot qismlari bo‘lishi lozim edi.
Ammo, ushbu konteynerlar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda konteynerlardan biriga yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 24 turdagi kiyim-kechaklar ortilgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning taxminiy qiymati 2 mlrd. 230 mln. so‘mni tashkil etadi.
Ikkinchi konteynerda ham xuddi shunday holat kuzatildi. Tegishli hujjatlarda qayd etmasdan turib, uddaburonlar qiymati 203 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan kiyim-kechaklar va turli qurilish mollarini bojxona nazoratidan chetlab olib kirishga urinishgan.
Tahlillarga ko‘ra, shu yo‘l bilan qonunbuzarlar 786 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochishga urinishgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Unga ko‘ra, juda ko‘p miqdordagi tovarlarni boshqa nom bilan deklaratsiyalab, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 3,6 mingga yaqin bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 20 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. Mazkur holatlarning 73 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.