Uyushma raisi Q.Nabiyev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, keksalar va faxriylarni ijtimoiy himoyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda faolligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda Pensionerlar uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot tinglandi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va boquvchisi yo‘q nuroniylar Toshkent shahri va viloyatlardagi sanatoriy-sog‘lomlashtirish maskanlariga davolanish hamda sog‘lig‘ini tiklash uchun yuborilmoqda. Tabarruk yoshdagi nuroniylarimiz muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.
– Uyushmamizga a’zo bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylarga doimiy ko‘mak berilmoqda, – deydi O‘zbekiston Pensionerlar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Xolmo‘min Do‘stmurodov. – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ezgu ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarning kommunal to‘lovlari homiylar ko‘magida to‘lab berildi. Bunday misollarni ko‘plab davom ettirishimiz mumkin. Zero, Bosh qomusimizning 39-moddasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgani yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.