MDH tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi

Ashxobod, 10 oktabr O‘zA maxsus muxbiri Ziyodulla Jonibekov xabar qiladi.
Turkmaniston poytaxtida 11 oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu anjuman oldidan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi o‘tkazildi. Unda sammit kun tartibiga taqdim etiladigan va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikrlashib olindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari hamda xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
MDH mamlakatlari o‘yinlari, axborot xavfsizligini ta’minlash, giyohvand, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Majlisda qator hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va MDH Davlat rahbarlari kengashining 11 oktabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan majlisida tasdiqlatish uchun kiritiladi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etdi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlarni faollashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro savdo hajmlarini ko‘paytirish borasidagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Vazirlarning mazkur formatdagi uchrashuvini doimiy o‘tkazishga kelishib olindi.

 

O‘zA