Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 30-sentyabr kuni oʻtkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.
Xususan, deputatlar ishni “Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Parij, 2005-yil 20-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qilishdan boshladilar.
Taʼkidlanganidek, hozirgi paytda 145 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi madaniy oʻzlikni namoyon qilishning turli xil shakllarini saqlash va ragʻbatlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlik, hamfikrlikni mustahkamlash asosida turfa madaniyatlarning erkin muloqoti uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Ayni paytda yurtimizda ushbu Konvensiyaning asosiy qoidalariga har tomonlama mos keladigan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Anʼanaviy “Sharq taronalari” musiqiy festivali, Maqom sanʼati xalqaro forumi, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali kabi xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar shular jumlasidandir.
Ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xalqimizning uzoq oʻtmishga ega azaliy madaniyatini asrab-avaylash, yanada keng miqyosda targʻib etish va rivojlantirish imkoniyatini kengaytirishga koʻmaklashadi.
Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi ham bahslarga boy boʻldi.
Qayd etilganidek, qator xorijiy mamlakatlarning jinoyatchilikka doir qonun hujjatlarini oʻrganish mamlakatda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik yoʻqligini koʻrsatmoqda. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasini dekriminalizatsiya qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, milliy qonunchiligimiz tahlili va Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar statistikasi respublikamiz fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga maʼmuriy javobgarlik choralarini differensiatsiya qilishni taqozo etyapti.
Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga Oʻzbekistonda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi vakolatli davlat organlari tomonidan mazkur toifadagi ishlarning tezkor koʻrib chiqilishini taʼminlashga, shuningdek, mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni toʻla-toʻkis yuritilishiga huquqiy kafolat yaratadi.
Majlisda yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi. Loyihada Hukumatning ochiq, shaffof faoliyat yuritishi, uning vakolatlari aniq soha va yoʻnalishlar boʻyicha belgilab berilmoqda. Bosh vazir tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor majlislari oʻtkazilishi nazarda tutilyapti. Shuningdek, Bosh vazir, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari, vazirlar, davlat qoʻmitalari raislarining vakolatlari hamda javobgarligi belgilab berilmoqda.
Endilikda Hukumatning jismoniy va yuridik shaxslarning davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash monitoringini olib borish hamda tahlilini yuritish ham qonun darajasida mustahkamlab qoʻyilmoqda. Bundan tashqari, loyihada Vazirlar Mahkamasining qarorlari va uning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinishi mumkinligiga doir qonun normalarida aniq belgilab berilmoqda.
Deputatlarning fikricha, loyihada bu kabi yangi normalarning aks ettirilishi hokimiyat tarmoqlarining boʻlinish va bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash prinsiplariga muvofiq, Hukumatning oʻz faoliyatini qonuniy, shaffof, demokratik ruhda amalga oshirishini taʼminlashga yordam beradi. Bir paytning oʻzida Hukumatning ochiq va shaffof faoliyat yuritishi, ijro etuvchi hokimiyat faoliyatiga samarali rahbarlikni amalga oshirish, inson huquq-erkinliklari muhofazasi hamda xalq manfaati ustuvorligini taʼminlashning sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishida mustahkam huquqiy asos vazifasini oʻtaydi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi. Prezidentimizning 2019-yil 28-martdagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur loyihaga koʻra, veterinariya va chorvachilik sohasining boshqaruv tizimi takomillashgani munosabati bilan uning asosiy vazifalari va funksiyalari doirasi kengaytirilmoqda.
Parlament aʼzolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublikada naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, sermahsul va nasldor mollarni yetishtirish, koʻpaytirish va sunʼiy urchitish ishlarini tizimli tashkil etish, chorva mollarining naslini yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Shundan soʻng deputatlar “Oliy darajali “Doʻstlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, loyihada Oliy darajali “Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar qardosh xalqlar oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xalqlar yakdilligiga erishishdagi alohida xizmatlari, har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishdagi sermahsul faoliyati, mintaqalararo kelishuvga erishish, shuningdek, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun mukofotlanishi belgilanmoqda.
Qizgʻin bahs-munozara keltirib chiqargan navbatdagi masala – “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining maqsadi energetika tarmoqlarida hosil qilinayotgan elektr, issiqlik energiyasi, yoqilgʻi va boshqa noanʼanaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohada yanada oqilona foydalanish, energiya resurslari isteʼmolining samaradorligini va zamonaviy tejamkor texnologiyalarini joriy etish xizmatlarini koʻrsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirishdan iboratdir.
Parlament vakillarining fikricha, ushbu loyihaning qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish, energiya resurslari isteʼmolining samaradorligini tizimli monitoring qilish, isteʼmoldagi energiya resurslari hajmini kamaytirib, tejash, mamlakatda barqaror iqtisodiy oʻsishni mustahkamlash, byudjetga tushumlarni koʻpaytirish hamda aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Majlis kun tartibiga kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Prezidentimizning 2019-yil 5-fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyiha bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining taʼlim, sport va diniy muassasalardan toʻgʻri chiziq boʻyicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo obyektlarida, shuningdek, umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan savdo majmualari (bozorlar), yarmarka pavilyonlarida realizatsiya qilishni taqiqlash belgilanmoqda.
Bundan tashqari, respublika hududiga alkogol mahsulotlarini polietilen, polistirol va boshqa polimer materiallardan tayyorlangan polimer isteʼmol idishlarida olib kirishga taqiq va javobgarlikni oʻrnatish (pivo va vino mahsulotlari bundan mustasno) koʻzda tutilyapti.
Amaliyotdan maʼlumki, biror bir korxona, tadbirkorlik subyektini tashkil qilib, ochishdan koʻra, uni tugatib, yopish ancha mushkul, qiyin ish. Ayni shu sababli ham koʻplab tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmay, muayyan firmani davlat roʻyxatidan oʻtkazmay faoliyat yuritishni afzal biladi. Aslida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini ham yanada soddalashtirish, shaffofligini oshirish orqali korrupsiya bilan bogʻliq omillarning oldini olishga qaratilgandir.
Shu maʼnoda, deputatlarning “Tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuzasidan bahs-munozarasi qizgʻin tus olganini tushunish mumkin.
Loyiha bilan tadbirkorlik subyektlarini tugatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos boʻladigan muddat toʻqqiz oyni tashkil etishi, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan Tadbirkorlik subyektlarining Yagona davlat reyestridan uch yil muddatga harakatsiz rejimga oʻtkazilishi belgilanmoqda. Harakatsiz rejimga oʻtkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ularni tadbirkorlik subyektlarining Yagona davlat reyestridan chiqaradi. Shundan kelib chiqib, tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tugatish jarayonlarining tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ochiqlik va shaffofligini oshirishni taʼminlashda muhim huquqiy asos vazifasini oʻtaydi.
Majlisda deputatlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.
OʻzA