Taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolar murojaatlari koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuror N.Yoʻldoshev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda komissiya va ishchi guruh aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etishni soʻrab taqdim etgan murojaatlari Prezidentimizning 2018-yil 19-sentyabrdagi “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni talablari asosida koʻrib chiqilayotgani taʼkidlandi.
Qayd etilishicha, Komissiya 5 nafar shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida xulosa qildi. Shuningdek, jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan 5 nafar fuqaroni Oʻzbekistonga qaytarish, ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish, shu jumladan, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Bugungi kunda ushbu masala boʻyicha kelib tushgan yana 6 ta murojaat ishchi guruh tomonidan oʻrganilmoqda.
Yigʻilishda komissiya va ishchi guruh aʼzolarining kelgusidagi vazifalari belgilab olindi. Jumladan, farmon talablarini aholiga yetkazish boʻyicha targʻibot ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi taʼkidlandi.

 

OʻzA