Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Kamalak” yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Kamalak” bolalar tashkiloti va boshqa tashkilotlar hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasidan yosh iste’dod egalarini izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Kamalak” yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining Nukus shahar bosqichida 700 o‘quvchi ishtirok etdi.

O‘quvchilar asosan fortepyano, torli, zarbli, puflab chalinadigan musiqa asboblari, milliy va akademik qo‘shiqchilik ijrochiligi, estrada, folklor va xor guruhlari, bal raqsi, milliy va zamonaviy raqs ijrosi, rang-tasvir va amaliy san’at, gilamdo‘zlik, kashtachilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ijodini namoyish qildi.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etish uchun 29 nafar yosh iste’dodga yo‘llanma berildi. Ular orasida Amet baxshi nomidagi 12-bolalar musiqa va san’at maktabi 5-sinf o‘quvchisi Farida Doniyorova ham bor. U tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha qatnashib, peyzaj, tabiat manzaralari janrlarida yaratgan 20 dan ziyod asarini namoyish etdi. Uning “Orolim”, “O‘tov”, “Suvga borgan qiz”, “Tungi manzara”, “Ovul hayoti” kabi kartinalari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA