Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish hamda ularni moddiy jihatdan rag‘batlantirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
300 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli muassasada 3,7 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Bu yerda tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Musiqa, chet tillari to‘garaklari, sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalar zarur qo‘llanmalar, ko‘rgazmali qurollar, zamonaviy sport buyumlari bilan jihozlangan. Xonalarni yoritishda energiya tejamkor uskunalardan foydalanilmoqda.
Prezidentimiz maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, asosiy e’tiborni bolalarning ta’lim-tarbiyasiga, tarbiyachilarning malakasini oshirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.
Umar Asrorov, O‘zA