Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga erishildi

Xitoy korxonalari faoliyatini xorijda rivojlantirish assotsiatsiyasi (CODA) bosh kotibi Xe Chjenvey boshchiligidagi delegatsiya 12-19-iyul kunlari tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi. 
Tashrif doirasida mehmonlar Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlariga safar qilib, hududlarning iqtisodiy rivojlanishi, ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishdi. Mahalliy hokimiyat va korxonalar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazib, hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Bunda ikki davlat rahbarlarining doimiylik kasb etgan muloqot va uchrashuvlari chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim oʻrin tutmoqda.
Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan. Asrlar mobaynida ushbu yoʻl orqali mamlakatimiz savdogaru sayyohlari Chin oʻlkasi bilan savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelgan. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishi sifatida baholangan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasini birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasidagi hamkorlikda qator natijalarga erishilmoqda.
Xitoy korxonalari faoliyatini xorijda rivojlantirish assotsiatsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ham tarixiy tarkib topgan iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgani eʼtiborga molikdir.
Andijon viloyatidagi “SPZ-BEARINGS” zavodida tashkil etilgan uchrashuvda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni modernizatsiya qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Kelishuv “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar AQSH bozoriga kirib borishini taʼminlashga qaratilgan.
Shuningdek, viloyatda turizm sohasida zamonaviy mehmonxonalar qurish, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish, mevalarni qayta ishlash, texnoparklar barpo etish, axborot texnologiyalari sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish borasida ham bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
– Bir hafta davomida hududlarda qator samarali uchrashuvlar oʻtkazildi, – deydi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Abdualiyev. – Muzokaralar chogʻida mamlakatimizning investitsiya va eksport salohiyati aks etgan taqdimotlar namoyish etildi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi. Buning natijasida qiymati qariyb 100 million AQSH dollariga teng kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan qoʻshma investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha maslahatlashib oldik. Shu yil noyabr oyida Xitoyda oʻtadigan yirik xalqaro koʻrgazmada mamlakatimiz delegatsiyasining ishtirok etishi masalasi ham koʻrib chiqildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Xitoy korxonalar faoliyatini xorijda rivojlantirish assotsiatsiyasi vakillari bilan hamkorlikka doir bitimlar imzolandi.

 

Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA