Iqtisodiy kengashning ilk majlisi

Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2021-yillarga moʻljallangan tarkibiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Iqtisodiy kengashning birinchi majlisi oʻtkazildi.
Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan tadbirda iqtisodiy sohadagi “Yoʻl xaritasi”ning muayyan yoʻnalishlari boʻyicha strategiyalar, tushunchalar, dasturlar, yondashuvlar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish Iqtisodiy kengashning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshchiligidagi Kengash tarkibiga Bosh vazir oʻrinbosari – moliya vaziri J.Qoʻchqorov, Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.Mavlonov, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari G.Saidova, Markaziy bank boshqaruvi raisi M.Nurmuratov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes Ombudsmani D.Qosimov, moliya vazirining birinchi oʻrinbosari T.Ishmetov va boshqalar kiritildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga doir muhokamalarda Jorj Vashington universiteti biznes va xalqaro aloqalar boʻyicha professori, “Growth Dialogue” ekspertlar tarmogʻi boshqaruvchi direktori Denni Leypsiger (AQSH), Chili milliy neft kompaniyasi bosh direktori va ushbu mamlakatning sobiq energetika vaziri Marcelo Tokman faol qatnashdi.
Majlisda qator vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari ham ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 2019-2021-yillarda amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlarning ustuvor 9 yoʻnalishini belgilab oldi. Makroiqtisodiy barqarorlik, energetika tarmogʻini mustahkamlash, inson kapitali va ijtimoiy himoya omillari, xususiy sektorni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, tashqi va ichki savdo hamda transportni rivojlantirish, barqaror urbanizatsiya, shaharlar taraqqiyotini jadallashtirish yoʻnalishlari shular jumlasidandir.
– Majlisda energetik sektorni mustahkamlash va mikromoliyalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi, – deydi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari T.Ishmetov. – Bu sohada raqobatni taʼminlash, elektr va gaz sektorini rivojlantirish boʻyicha kompleks strategiya ishlab chiqiladi. Shuningdek, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish choralari koʻriladi. Toza energiya ishlab chiqarishga oʻtish, xizmatlar sifatini yaxshilash orqali yangi bozor ishtirokchilari salohiyati oshiriladi. Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda qariyb barcha viloyatlarda IES va GESlar, elektr tarmoqlari qurish, modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 1,9 milliard dollarlik 16 loyihani amalga oshirish rejalashtirilyapti.
Yigʻilishda Iqtisodiy kengashning birinchi majlisi bayonnomasi qabul qilindi.
Majlisga bagʻishlab tashkil etilgan brifingda mutaxassislar soliq islohotlari, davlat moliyasi boshqaruvini takomillashtirish, qarzdorlik va byudjetlararo munosabatlar yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar xususida maʼlumot berdi.
Mamlakatimizda xususiy sektorni rivojlantirish va ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Jahon bankining 500 million dollarlik “Iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi amalga oshiriladi.
Energetika sohasi muhokama qilingan davra suhbatida tarmoq korxonalarini tijoratlashtirish, moliyaviy barqarorligini taʼminlash, tarif islohotlarini takomillashtirish, bunda investitsion dastur va xususiy sektor ishtirokini taʼminlash kabi takliflar ilgari surildi. Taʼkidlanganidek, xususiy sektor obyektlari xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyalari qurishni rejalashtirgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida buning uchun zarur sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Mutaxassislar bu kabi saʼy-harakatlarga xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilish, tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurligini taʼkidladi.

 

Abdulaziz MUSAYEV, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA