Oʻzbekiston Prezidentining Bishkek uchrashuvlari

Bishkek, 13-iyun. OʻzA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 13-iyun kuni Bishkek shahriga keldi.
“Manas” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qirgʻiziston Bosh vaziri Muhammedkaliy Abilgaziyev kutib oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Qirgʻiziston Prezidentini SHHTdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan tabrikladi.
Prezidentlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya yoʻlga qoʻyilmoqda, madaniy-gumanitar almashuv kengaymoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka doir va mintaqaviy ahamiyatga ega masalalar koʻrib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani bilan muzokara oʻtkazdi.
194e934f-fce4-a348-20ea-4f098077b80d.jpg
Davlatimiz rahbari turli darajadagi ikki tomonlama muloqotlar faollashgani, oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va gumanitar almashuvlar kengayib borayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish va ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etishga qaratilgan dastur va loyihalarni roʻyobga chiqarishning amaliy masalalari koʻrib chiqildi.
Ashraf Gʻani Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi faol saʼy-harakatlari uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarlo xonim bilan ham uchrashdi.
Muzokarada Oʻzbekiston bilan BMT institutlari oʻrtasidagi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan koʻp qirrali sheriklik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlashning dolzarb masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Orol fojiasi oqibatlarini, jumladan, BMT shafeʼligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik Trast fondi doirasida bartaraf etish boʻyicha faol saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Rozmari DiKarlo samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
BMTning yuqori martabali vakili Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish boʻyicha missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida ustuvor loyiha va dasturlarni birgalikda ilgari surish orqali oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.
Shu kuni Qirgʻiziston davlat filarmoniyasida SHHT Davlat rahbarlari kengashining Bishkek sammiti ishtirokchilari uchun konsert dasturi namoyish qilindi.
Sammitning asosiy tadbirlari 14-iyun kuni boʻlib oʻtadi.

 

OʻzA