Olimlar sayyoramizga xavf tug‘diruvchi asteroidni aniqladi

Yevropa fazo agentligi Yerga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan osmon jismlari ro‘yxatini yangiladi, deyiladi RIA Novosti xabarida

Ro‘yxatga ko‘ra, 2006QV89 asteroidi shu yilning 9 sentabrida sayyoramiz bilan to‘qnashishi mumkin. Faqat ushbu hodisaning sodir bo‘lish ehtimoli 7 mingdan bitta imkoniyatga teng.

Hozirda 2006QV89 asteroidi Yerdan 6,7 million kilometr narida harakatlanmoqda. Uning uzunligi 109 metr, kengligi 48,5 metrni tashkil qiladi. Ushbu osmon jismi sayyoramiz yaqinidan 1950, 1960, 1970, 1980 yillarda uchib o‘tgan, faqat astranomlar uni 2006 yilda Arizonadagi observatoriya teleskopi orqali kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. Asteroidning Yerga navbatdagi yaqinlashuvi 2032 yilda sodir bo‘ladi.

Ro‘yxatda 2010RF12 astreodi Yer uchun eng xavfli deya tilga olingan. Ekspertlar taxminiga ko‘ra, ushbu osmon jismining sayyoramizga maksimal darajagi yaqinlashuvi 2095 yilda kuzatilib, uning Yer bilan ehtimoliy to‘qnashuvi 16 tadan bitta imkoniyatga teng bo‘ladi.

 

O‘zA